TA'ZIYA

To'xtamurod Jumayev - yurtimiz xalq ta'limi va o'rta maxsus ta'lim tizimi fidoyisi bo'lgan ustoz pedagog, ajoyib rahbar shu yilning 14-iyul kuni 76 yoshida hayotdan ko'z yumdi. 

To'xtamurod Jumayev 55 yillik pedagogik faoliyatida ulkan natija va yutuqlarga erishdi. 1967-yili Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ni tamomlagan bu inson, aslida mehnat faoliyatini ancha avval 1961-yilda maktabda yoshlar yetakchisi sifatida boshlab, ko'plab maktablarda o'qituvchi, direktor o'rinbosari, direktor vazifalarida vijdonan mehnat qildi.

Qorako'l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internati hamda Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-son Qorako'l akademik litseyiga rahbarlik qilgan vaqtlari ko'plab ijobiy natijalarga erishdi, xayrli ishlar qildi.

Ta'lim tarbiya sohasini zamonaviy talablarga moslashtirish, chekka hududlardagi iqtidorli yoshlarni o'qitishning "Qorako'l maktabi" tajribasini yaratishdek ishlari To'xtamurod Jumayevning ulkan ijobiy ishlariga misol bo'la oladi. U rahbarlik qilgan litsey bitiruvchilarining 90-95% qismi har yili oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilinib, 3 ming 200 nafarga yaqin o'quvchi mahalliy va xorijiy OTMlarning talabasiga aylanganligi yuqoridagi fikrimizga yaqqol dalil bo'la oladi.

Hozirgi kungacha ustozning 30 nafarga yaqin shogirdlari matematika bo'yicha xalqaro olimpiadalarda yuqori natijalarga erishib, yurtimizda Beruniy, al-Xorazmiy kabi ulug' ajdodlarimizning munosib avlodlari yetishib kelayotganligini butun jahonga namoyon qildi.

To'xtamurod Jumayev erishgan ushbu ulkan natijalar inobatga olinib, ushbu ta'lim maskani Xalqaro matematika maktabiga aylantirildi.

Toʻxtamurod Jumayev matematika fanini oʻqitishning ilgʻor usullarini amaliyotga joriy etish bilan birga, bu yoʻnalishda bir nechta oʻquv qoʻllanmalari ham yaratdi. Bunday izlanishlari uchun u 1999-yilda Oʻzbekiston matematiklar jamiyati a’zoligiga qabul qilindi.

Butun hayotini yoshlarga ma’rifat ulashishga bagʻishlagan Toʻxtamurod Jumayev davlatimiz tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan ham mukofotlangan edi.

Yurtimiz ta'lim tizimida, pedagogika sohasida o'chmas iz qoldira olgan ustoz, samimiy va fidoyi inson To'xtamurod Jumayevning o'lmas xotirasi shogirdlar, pedagoglar va butun xalqimiz qalbida abadiy saqlanib qoladi.

Nizomiy nomidagi TDPU rektori, Alisher Umarov