Mahalla yoshlari mini-futbol bo'yicha universitetda bellashdi

✅ Koronavirus pandemiyasi O'zbekistonda ham aholi salomatligi, jismonan sog'lomligi, sog'lom hayot kechirish darajasi nisbatan past darajada ekanligini ko'rsatdi. Shu munosabat bilan muhtaram prezidentimizning "Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora tadbirlari to'g'risida"gi farmoni qabul qilindi. Farmonda bir necha tashkilotlar qatori oliy ta'lim muassasalari ham ommaviy sportni targ'ib qilishda faol bo'lishi va shart-sharoitlar yaratishi ko'rsatib o'tilgan.
 
✅ Yurtboshimiz tomonidan berilgan topshiriq ijrosini ta'minlash, mahalla va oliy ta'lim muassasasi hamkorligini yanada rivojlantirish, uyushmagan yoshlar o'rtasida targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borish, aholi orasida sog'lom turmush tarziga rioya etilishiga ko'maklashish maqsadida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti ham o'z atrofida joylashgan mahallalar yoshlari uchun doimiy sport musobaqalarini tashkil etib kelmoqda.
✅ Yoshlar o'rtasida sportga targ'ib qilish bo'yicha shunday sport tadbirlaridan biri kuni kecha TDPU sport maydonida, mini-futbol bo'yicha mahalla yoshlari o'rtasida "Rektor kubogi" sport musobaqasi tashkil etildi.
✅ Sport musobaqasida universitet atrofida joylashgan 10 ta mahalladan yuzga yaqin yoshlar ishtirok etdi. Musobaqaning final bosqichiga chiqqan "Cho’pon ota", "Xalqlar do’stligi", "Shuhrat", "Beshchinor" mahallalari yoshlari o'rtasida do'stona raqobat muhitida final uchrashuvlari bo'lib o'tdi.
✅ Qizg'in sport bahslariga boy bo'lgan bellashuvda quyidagicha natija qayd etildi:
1-o'rin "Cho'pon ota" mahalla yoshlari
2-o'rin "Xalqlar do'stligi" mahalla yoshlari
3-o'rin "Beshchinor" mahalla yoshlari
✅ "Rektor kubogi" sport musobaqasi g'oliblari va unda faol ishtirok etgan mahalla yoshlari diplom, medal, statuetka va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar. Eng asosiysi yoshlar vaqti sport bilan mazmunli tashkil etildi. Bu kabi sport musobaqalari TDPUda doimiy o'tkazilishi va universitet darvozalari "o'qiyman", "sport bilan shug'ullanaman" degan har qanday yoshlarga ochiqligi ta'kidlandi.
✅ Sport nafaqat jismoniy-biologik, balki ruhiy-psixologik jihatdan ham inson salomatligi uchun koni foyda. Bugungi pandemiya sharoitida esa har qachongidan ham ko'proq sport bilan shug'ullanish kerak. Shu sababli ham TDPU yurtboshimiz boshchiligida yo'lga qo'yilgan bugungi yoshlar siyosatining ham ilm-fan, ham tarbiya va sport yo'nalishlari bo'yicha faol targ'ibotchisi bo'lib qoladi.