TDPU va Amerika markazi ingliz tili bilish darajasini rivojlantirish bo'yicha hamkorlik qiladi

✅ Unumli o'tgan hafta davomida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov AQShning O'zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Amerika markazi vakillari bilan uchrashdi. Samimiy suhbat asnosida o'tgan uchrashuvda markaz vakillari universitetda ingliz tilini o'qitish va rivojlantirish uchun tavsiya etilgan xorijiy pedagog-o'qituvchini tanishtirishdi.
✅ AQShning Toshkentdagi elchixonasi huzuridagi Amerika markazi tomonidan tashkil etilgan Fulbrayt dasturi mutaxassisi Greta Shats Nizomiy nomidagi TDPUda dars berishga jalb qilindi.
✅ Uchrashuv davomida Nizomiy nomidagi TDPU talabalarining ingliz tilini bilish darajasini oshirish, O'zbekiston oliy o'quv yurtlarida chet tillarini o'qitish sifati masalalari muhokama qilindi. O'quv seminarlari, konferensiyalar, mahorat darslarini o'tkazish sohasida tajriba almashishni kengaytirish bo'yicha rejalar belgilab olindi.
✅ Greta Shats 2021-2022-o'quv yili davomida universitet talabalari o'rtasida ingliz tilini targ'ib qilish, tilni bilish ko'nikmasini oshirish bo'yicha faoliyat olib boradi. Chet ellik o'qituvchilarni ishga jalb qilishdan maqsad - talabalar orasida xorijiy til bo'yicha kommunikativ muhitni yaratish va ulardagi tilni o'rganish bo'yicha yuzaga kelayotgan turli kamchiliklarni bartaraf etishdan iborat. Greta Shats joriy o'quv yilida majburiy o'quv mashg'ulotlaridan tashqari, talabalarni darsdan o'zga vaqtda til o'rganishga qiziqtirishni rejalashtirmoqda. Bularga ingliz tilida so'zlashuv klubi, chet tilini bilish darajasini aniqlaydigan xalqaro imtihonlarga tayyorgarlik kurslarini tashkil etish kabi vazifalar kiradi.
✅ Uchrashuv so'ngida AQShning O'zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Amerika markazi mutaxassislari Nizomiy nomidagi TDPU rektoriga xorijiy o'qituvchilar bilan birgalikda chet tilini bilish darajasini oshirish bo'yicha olib borilayotgan ulkan ishlar uchun minnatdorchilik bildirdi.