"WOW" hissiyotini bergan master-klass

✅ Insonga hayotda, inson bilan muloqot qilishidan, ma'lumot almashishidan ko'ra yoqimliroq va foydaliroq jarayon bo'lmasa kerak. Ayniqsa fikrini tinglayotgan insoningiz keng dunyoqarash, bilim va nutqiy salohiyatga ega bo'lsa vaqt qanday tez o'tib ketib qolganini sezmay ham qolasiz.
✅ Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ham yuqoridagi sifatlarga ega inson, samimiy, o'z sohasining mutaxassisi, ulkan tajriba va salohiyat egasi, Oliy ta'lim vazirining axborot masalalari bo'yicha maslahatchisi Sardor Uraimjonovich Usmanov ishtirokida master-klass bo'lib o'tdi. Master-klassning original va zamon talabiga mos bo'lgan "Talabalarning shaxsiy sifatlarini rivojlantirishda samarali ta'lim strategiyalari" mavzusi uning qiziqarliligi va sohabopligini yanada oshirdi deyishimiz mumkin.
✅ Rasmiy emas, do'stona va suhbat asnosida kechgan uchrashuvda TDPU rektori Alisher Umarov, Yoshlar ishlari bo'yicha prorektor Feruza Madrahimova, professor-o'qituvchilar, xodimlar va talabalar ham ishtirok etishdi.
✅ Alisher Umarov suhbat avvalida Sardor Usmanovning faoliyati, ulkan tajribasi haqida ishtirokchilarga ma'lumot berib, ushrashuvni ochib berdi.
✅ Ajoyib taqdimot va materiallar bilan master-klassni boshlagan Sardor Uraimjonovich uchrashuv boshidan to oxiriga qadar ishtirokchilarni diqqatini o'zida saqlay oldi. Albatta bunday ajoyib ma'lumotlar, yondashuv va yangiliklarni, yetuk xarizma va notiqlik san'ati bilan yetkazish orqali har qanday tinglovchini o'ziga rom etish mumkin edi.
✅ O'z taqdimotida mehmonimiz bugungi zamon yoshlari, ularning harakterlari, ularga ta'lim berishda nimalarga e'tibor qaratish zarur, qayerda kamchiliklarga yo'l qo'yilmoqda, xorijda bu boradagi tajribalar haqida misollar, fikrlar, dalillar va tahlillar yordamida ishtirokchilarga yangi ma'lumotlarni berdi.
✅ Onlayn va offlayn tarzda tashkil etilgan master-klassda pedagoglik kasbi, unga bugungi kunda qo'yilayotgan talablar, davlatimiz rahbari ziyolilardan, ayniqsa pedagoglardan bugun nimani kutayotganiga oid savollar, fikrlar ham ma'ruzachi tomonidan aniq-tiniq yetkazildi.
✅ Siyosat, axborot va ta'lim sohalarida mutaxassis bo'lgan Sardor Usmanov tomonidan bildirilgan:
"Bugungi kun talabalariga, mana bu oq, mana bu qora deb xulosani aytish emas, ularga mana bu A yo'l va mana bu B yo'l deb ko'rsatib, xulosa chiqarishni ularning o'zida qoldirish orqali, ularni keng fikrlashga o'rgatib borish kerak..." - kabi zalvorli fikrlar ishtirokchilarda o'zgacha ijobiy, yangi hissiyotlarni uyg'otib, tajriba va bilimlarining ortishiga sabab bo'ldi.
✅ Kafedralar oliy ta'lim muassasalarining yuragi deya aytgan so'zlarida Sardor Uraimjonovich aynan nega bunday ekanligi, nega prezidentimiz ham aynan OTMlarning kafedralari isloh qilinishi lozimligi haqida aytganlariga oid o'z ma'lumot, fikrlari bilan bo'lishdi.
✅ Master-klass davomida mehmon mutaxassisimiz bilan birga universitetimiz rektori Alisher Umarov ham o'z fikrlari, tajribalari bilan o'rtoqlashdi. Ayniqsa Tarix fakulteti talabalari bilan o'tkazgan tajriba suhbatlari haqidagi ajoyib voqea ishtirokchilar orasida iliq qarshi olindi. "Bilimni pok yurak va qo'l bilan olish kerak..." - deya ishtirokchilarga yuzlangan rektor yana ko'plab ibratli fikrlarni aytib o'tdi.
✅ Master klass davomida ishtirokchilar Sardor Uraimjanovichga o'zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Mutaxassis javobi yetarli va qoniqarli chiqdimi chog'i ishtirokchilar qarsagi bir necha soniya davomida tinmadi.
✅ Uchrashuv yakunida ta'lim dargohimiz rahbari Alisher Umarov Sardor Usmanovga ajoyib master-klass va iliq munosabat uchun minnatdorchilik bildirib, bu kabi uchrashuvlar yana ko'plab tashkil etilishi niyatida ekanligini aytib o'tdi. Ishtirokchilarga esa rektor ushbu master-klassda olgan bilimlari, tajribalari va ko'nikmalarini dars auditoriyalariga olib kirish, hamkasblar bilan bo'lishish lozimligini aytib yuzlandi.
✅ Universitetimiz an'anasiga ko'ra, mehmonimiz bilan tadbir so'ngida ajoyib esdalik uchun umumiy fotosurat olindi.
✅ Sardor Usmanov kabi o'z sohasining mutaxassislari, o'zidagi bilim va ko'nikmani atrofdagilarga yetkazib bera olish san'atini egallagan insonlar bilan bo'ladigan bu kabi o'zgacha uchrashuv va tadbirlar ta'lim dargohimiz jamoasiga faqat va faqat foyda keltirishi aniq.