Ingliz tili nazariyasi va o‘qitish metodikasi kafedrasi

Hozirgi kunda kafedrada 13 ta professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shulardan: professor: J.J.Jalolov, dotsent Z.R.Abdujabbarova, Sh.A.Atadjanova: p.f.n. A.M.Mamadaliyev, katta o‘qituvchi: Z.R.Gulyamova; o‘qituvchilar:B.M. Hakimova, U.A.Kulijanov, O’.M.Kusanova, N.R.Qodirova, G.X.Rahimova, H.U.Umarova, S.X.Nazarov. O’rindoshlar soni 5 ta. Professor: G.T.Mahkamova: dotsent L.Xalyarov: O’qituvchilar : G.S.Kenjaeva, O.N.Yusupov , KIXI :U.Jumanazarov.


Kafedra dastlab 1995-yilning sentabr oyidan rus va koreys filologiyasi fakulteti qoshida «Ingliz tili» bo‘limi sifatida ish boshlagan. Nizomiy nomidagi TDPU rektorining 1995-yil 22-aprelda chiqargan 58-O buyrug‘iga asosan (chet til) ingliz tili mutaxassisligi ta’sis etilgan.
Fakultet faoliyatining dastlabki yillarida Ingliz tili kafedrasiga respublikaning turli oliy o‘quv va ilmiy maskanlaridan professor-o‘qituvchilar taklif etildi. Ulardan quyidagilarni ta’kidlash joizdir: filologiya fanlari doktorlari, professorlar Qudrat Musayev, Muxammad Mamatov, pedagogika fanlari doktori Tojimat Sattorov, filologiya fanlari nomzodi Xurram Raximov, filologiya fanlari nomzodi Saodat Shokirova, pedagogika fanlari nomzodi Xolmurod Maxmatqulov, filologiya fanlari nomzodi Mustafo Zulxonovlar til nazariyasi, amaliyoti va o‘qitish metodikasi bo‘yicha yuqori saviyada mashg‘ulotlar olib borishdi.
1995-yildan boshlab shu kungacha quyidagi kafedra mudirlari faoliyat yuritib kelishyapti.
Professor Jamol Jalolovich Jalolov mazkur kafedrada mudir bo‘lib, 1995-yil sentabr oyidan 2010-yil maygacha faoliyat ko‘rsatgan. F.f.n., dotsent Karimova Barno Azizovna 2010-yil may oyidan 2010-yil oktabr oyiga qadar, f.f.n., dotsent Satimov G‘ofurjon Hotamovich 2010-oktabr oyidan 2011-sentabr oyigacha, Tojiyeva Gavhar Yakubovna 2011-yil sentabr oyidan 2012-yil yanvargacha, f.f.n., dotsent Tuxliyeva Gavhar Nurislamovna 2012-yil yanvardan 2013-yil dekabrgacha p.f.d., professor Yuzlikayev Farit Rafailovich 2013-yil dekabrdan 2016-yil iyul oyigacha, 2016-yil iyul oyidan 2018-yil iyul oyigacha f.f.n., dotsent Z.R.Abdujabbarova, 2018-yil iyul oyidan hozirgacha S.X.Nazarov kafedra mudiri lavozimida ish yuritishdi.

INGLIZ TILI NAZARIYASI VA UNI O‘QITISH METODIKASI kafedrasining

NIZOMI

I. Umumiy qoidalar
1.Mazkur Tartib O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, vazirlik tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalari kafedralari ( keyingi o‘rinlarda kafedra deb ataladi) faoliyatini tashkil etish, kafedra mudirlari mas’uliyatini, o‘rni va rolini kuchaytirish, ularning funksional vazifalarini qat’iy belgilash hamda kafedradagi o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada takomillashtirish va kafedra mudirlari faoliyatini baholab borish tartibini belgilaydi.
2. Kafedra oliy ta’lim muassasasi, fakultetning tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, unda bir yoki bir necha turdosh fanlar bo‘yicha o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni, shuningdek, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish hamda ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar amalga oshiriladi.
Kafedra tarkibiga pedagog-o‘qituvchilar va xodimlar toifasiga kiruvchi kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o‘qituvchi, o‘qituvchi (assistent), o‘qituvchi-stajyorlar hamda doktorant, mustaqil izlanuvchi, shuningdek, o‘quv-yordamchi xodimlar kiradi.
3. Kafedraning professor-o‘qituvchilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-fevralida 20-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi.
4. Kafedra o‘quv va ilmiy jarayonlarni ta’minlovchi o‘quv xonalari va kabinetlar, o‘quv markazlar va boshqa bo‘linmalarga ega bo‘lishi mumkin.
Kafedrada kadrlar buyurtmachilari bo‘lgan korxona (tashkilot)lar hududida filiallar tashkil etishi va ularning moddiy-texnika bazasidan kelishilgan holda foydalanishi mumkin.
Kafedra filiali faoliyati oliy ta’lim muassasasi va korxona (tashkilot) o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etiladi.
5. Kafedra Oliy ta’lim vazirligining buyruq yoki qarorlari asosida faoliyat olib boradi.

II. Kafedrani tashkil etish va boshqarish

6. Kafedra, kamida yetti nafar professor-o‘qituvchilardan iborat bo‘lib, ularning biri, odatda, professor ilmiy unvoni yoki fan doktori ilmiy darajasiga, kamida ikki nafari fan nomzodi ilmiy darajasi yoki dotsent ilmiy unvoniga mutaxassislik bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning ilmiy darajasi (Ph.D)ga ega bo‘lganda tashkil etiladi.
7. Kafedra fakultet dekaniga yoki bevosita oliy ta’lim muassasasi rektori (o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori)ga bo‘ysunadi.
8. Kafedraning tuzilishi va uning shtatlari oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan tasdiqlanadi.
9. Kafedrani odatda, fan doktori, fan nomzodi ilmiy darajasiga, shuningdek, professor yoki dotsent ilmiy unvoniga, tegishli mutaxassislik bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning ilmiy darajasi (Ph.D)ga ega bo‘lgan hamda belgilangan tartibda oliy ta’lim muassasasi Kengashida tanlovdan o‘tgan kafedra mudiri boshqaradi va unga kafedra faoliyati uchun shaxsiy mas’uliyat yuklatiladi.
10. Kafedra mudiri bo‘lmagan vaqtda (ta’til, kasallik, xizmat safari va boshq.) yoki muddatidan oldin lavozimidan ozod etilganda uning vazifalari kafedra jamoasi taklifi asosida fakultet dekani yoki o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor tavsiyasiga ko‘ra rektor tomonidan tayinlangan shaxsga vaqtincha yuklatiladi.

III. Kafedra mudirining vazifalari

11. Kafedra mudiri:
bevosita kafedra faoliyatini tashkil etadi;
oliy ta’lim muassasasi miqyosida kafedra faoliyatiga taalluqli masalalar muhokamasi va hal etilishida ishtirok etadi;
kafedra ish rejasi, professor-o‘qituvchi va xodimlarining shaxsiy rejalari hamda kafedra faoliyati doirasidagi boshqa hujjatlarni tasdiqlaydi;
kafedra professor-o‘qituvchilariga o‘quv yuklamalarni taqsimlaydi hamda ularning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qiladi;
ishlab chiqarish tashkilotlari bilan hamkorlikni o‘rnatadi va muntazam rivojlantirib boradi;
kafedraga ishga olish, ishdan bo‘shatish va xodimlarni yangi lavozimlarga tayinlash, ularni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish, shuningdek, intizomiy chora ko‘rish to‘g‘risida oliy ta’lim muassasasi rektoriga takliflar kiritadi;
oliy ta’lim muassasasining tegishli xizmat bo‘linmalari bilan birgalikda o‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-tadqiqot jarayonini talab darajasida o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni ta’minlash choralarini ko‘radi;
belgilangan tartib va muddatlarda o‘quv yilidagi faoliyati bo‘yicha kafedra hisobotini tayyorlaydi, Ilmiy kengash majlislarida hisobot beradi.
..... Kafedra mudirining shaxsiy ish rejasi fakultet dekani (yoki oliy ta’lim muassasasining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori) tomonidan tasdiqlanadi
Kafedralar xususiyatidan kelib chiqib, kafedra mudiriga ta’limga oid qo‘shimcha vazifalar oliy ta’lim muassasasi rektori yoki vazirlik tomonidan yuklatilishi mumkin.

IV. Kafedra faoliyatini tashkil etish

12. Kafedra faoliyati o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni qamrab olgan istiqboliy va joriy o‘quv yili bo‘yicha rejalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Ushbu rejalar va kafedra faoliyatiga tegishli boshqa vazifalarning bajarilishi kafedra mudiri raisligida o‘tkaziladigan majlislarda muhokama etiladi. Kafedra majlislariga boshqa kafedralar va oliy ta’lim muassasalaridan xodimlar taklif etilishi mumkin.
Professor-o‘qituvchilar va xodimlarning shaxsiy ish rejalari asosiy hujjat hisoblanib, u o‘z ichiga o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni qamrab oladi.
Professor-o‘qituvchilarning belgilangan tartibda tanlovdan o‘tish, lavozimlarga tavsiya etish jarayonida ularning shaxsiy ish rejalarining bajarilish darajasi asosiy mezonlardan hisoblanadi.
13. Kafedraning asosiy faoliyat yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
• o‘quv shakllari (ishlab chiqarishdan ajralgan va ishlab ajralmagan hollarda) bo‘yicha oliy ta’limning davlat ta’lim standartlariga muvofiq tuzilgan o‘quv rejalaridagi fanlar bo‘yicha belgilangan mashg‘ulot turlarini yuksak nazariy, ilmiy-uslubiy va kasbiy darajada o‘tkazish, ta’lim sifatini ta’minlash;
• professor-o‘qituvchilarning o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish;
• yuksak ma’naviy va ahloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash;
• Davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish hamda ularni rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ta’lim dasturlari bilan qiyosiy tahlilini muntazam ravishda olib borish asosida takomillashtirish va belgilangan tartibda tasdiqqa taqdim etish;
• turdosh kafedralar tomonidan tayyorlangan o‘quv dasturlarga taqriz va xulosalar berish;
• o‘quv adabiyotlarini tayyorlash hamda o‘quv adabiyotlarga xulosalar berish;
• talabalarning malakaviy amaliyoti, kurs loyihalari (ishlari), bitiruv malakaviy ishlari, magistrlik dissertatsiyalariga, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;
• talabalar bilimini holis va obyektiv baholanishini ta’minlash va nazorat qilish;
• iqtidorli talabalarni tanlash va ularni tarbiyalash, shu jumladan, ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, davlat stipediyalari va boshqa xalqaro va respublika miqyosida turli tanlovlarda, fan olimpiadalarida ishtirok etishga tayyorlash;
• zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishni boshlagan yosh professor-o‘qituvchilarga pedagogik malaka va ko‘nikmalarni egallashda amaliy yordam berish;
• o‘quv mashg‘ulotlarida zamonaviy texnika vositalaridan, yakka tartibda o‘qitish va mustaqil ta’lim olish uslublaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, o‘qitishning zamonaviy usullari va vositalari bilan masofali o‘qitish elementlarini rivojlantirish;
• oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilari hamda mazkur kafedrada mustaqil izlanuvchi, tayanch doktorant va doktorant bo‘lganlar bilan muntazam aloqalarni tashkil etish, bitiruvchilar monitoringini olib borish;
• oliy ta’lim muassasasi axborot-resurs markazini kafedra ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga oid yangi o‘quv, ilmiy-texnikaviy va davriy adabiyotlar bilan uzluksiz to‘ldirib borilishi va yangilanishini doimiy monitoring qilish;
• ta’lim hujjatlarining me’yor talablariga javob berishini belgilash bo‘yicha ekspert guruhlari tarkibida ishtirok etish;
• ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, kafedra mutaxassisligiga mos yoki turdosh ixtisosliklar bo‘yicha dissertatsiyalarni ilmiy seminarlarda muhokama qilish;
• professor-o‘qituvchilarning tizimli ravishda respublika va xorijda malakasini oshirib borishni tashkil etish;
• fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilm-fan va oliy ta’lim sohalarida yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kuchaytirish;
• tugallangan ilmiy-tadqiqot ishlarini muhokama etish, nashr etishga tavsiya berish va ularning natijalarini ishlab chiqarishga joriy etishga ko‘maklashish, ta’lim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlash.
Kafedra xususiyatidan kelib chiqib, kafedraning asosiy faoliyat yo‘nalishlariga ta’limga oid qo‘shimchalar oliy ta’lim muassasasi rektori yoki vazirlik tomonidan kiritilishi mumkin.
14. Kafedrada quyidagi hujjatlar bo‘lishi kerak:
kafedra faoliyati uchun zarur bo‘lgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar;
o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni qamrab olgan ish rejalari hamda hisobotlar;
o‘quv yuklamalari, kafedra a’zolarining shaxsiy ish rejalari, ularning bajarilishi yuzasidan hisobotlar;
professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘tiladigan darslarni qayd etish jurnali;
kafedra professor-o‘qituvchilari dars beradigan fanlar bo‘yicha talabalar bilimining nazoratini qayd etish jurnali;
majlislar bayonnomalari.
Kafedralar xususiyatidan kelib chiqib, kafedrada bo‘lishi kerak bo‘lgan hujjatlar tarkibiga ta’limiga oid qo‘shimcha hujjatlar oliy ta’lim muassasasi rektori yoki vazirlik tomonidan kiritilishi mumkin.

V. Kafedra mudiri faoliyatini baholash

15. Kafedra faoliyati oliy ta’lim muassasasi rektori buyrug‘i bilan tuzilgan Maxsus komissiya tomonidan o‘quv yili davomida o‘rganib boriladi va baholanadi.
16. Kafedra professor-o‘qituvchilari har yili O‘zbeksiton Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-fevralida 20-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom” ilovasida keltirilgan “Oliy ta’lim muassasasi kafedrasi professor-o‘qituvchilarining faoliyatini baholash ko‘rsatkichlari va mezonlari”ga asosan baholanadi.
17. Kafedra professor-o‘qituvchilarining faoliyatini baholash natijalarining o‘rtachasi mazkur kafedra mudiri faoliyatiga qo‘yilgan baho hisoblanadi.
18. Oliy ta’lim muassasasi rektori Maxsus komissiyaning ma’lumotiga ko‘ra kafedra mudirlari faoliyati natijalarini oliy ta’lim muassasasi Kengashida muhokamaga qo‘yadi va tegishli chora-tadbirlarni belgilaydi.
VI. Yakunlovchi qoidalar
19. Mazkur Tartibda belgilangan qoidalar bo‘yicha nizolar amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida hal etiladi.

Izoh Ushbu Nizom Nizomiy nomidagi TDPU Kengashining 2018 yil____ avgustdagi №____ -sonli majlis qarori bilan tasdiqlangan.

Ingliz tili nazariyasi va o‘qitish metodikasi kafedrasida 2018-2019-o‘quv yilida kafedra salohiyati 45% tashkil etdi. 2018-2019-o‘quv yilida jami 23 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Asosiy shtatda 19 nafar, o‘rindoshlik asosida 4 nafar professor-o‘qituvchi, o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Shundan, 2 nafar f.f.n. dotsent, 2 nafar p.f.n. dotsent, 3 nafar professor, 1 nafar f.f.d. dotsent, 1 nafar p.f.n. katta o‘qituvchi, 2 nafar katta o‘qituvchi, 12 nafar o‘qituvchi ishlaydi. Kafedraning vazifalari bakalavriat 1-kurs o‘quv rejalari loyihasini ishlab chiqish, magistraturaning 1-2-kursini o‘quv-uslubiy majmualar bilan ta’minlash, kafedrada o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha ishchi fan dasturlari ishlab chiqish va o‘quv ishlari prorektori D.U.Ergashev tomonidan tasdiqlash, kafedra professor-o‘qituvchilarining 2018-2019-o‘quv yili uchun yuklamalari hisoblab chiqish va taqsimlash, kafedrada o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi ishlab chiqish, kafedrada o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha mustaqil ishlar uslubiy ko‘rsatmalari ishlab chiqish va tasdiqlash, kafedraning o‘quv yili uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qish rejasi tuzish va tasdiqlash, yangi o‘quv yili uchun kafedraning barcha sohalari bo‘yicha yillik ish rejalari ishlab chiqish va tasdiqlash. Ingliz tili nazariyasi va o‘qitish metodikasi kafedrasida 1-kurs 8 nafar, 2-kurs 10 nafar magistratura talabalari tahsil oladi. Ingliz tili nazariyasi va o‘qitish metodikasi kafedrasi professor-o‘qituvchilar va magistr talabalari uchun har oyining oxirgi chorshanba kunida ilmiy seminar tashkillashtirilgan. Kafedra bitiruv malakaviy ish va magistrlik dissertatsiyalariga mas’ul hisoblanadi. Yangi o‘quv yili uchun ochiq darslar jadvali kafedra majlisining 1-sonli bayonnomasida tasdiqlangan va rasmiylashtirilgan.