Kelajak moziydan boshlanadi

6-9 sentyabr kunlari ezgu niyatlar bilan tashkil etilgan bir guruh dastlabki 36 nafar sayohatchilar Jaxonga dong’i ketgan Xorazm viloyatining Urgench shahriga tashrif buyurdilar.

Kelajak moziydan boshlanadi. Uzoq tarixga ega tuprog’imizda yashab ijod etgan ajdodlarimiz bizga qoldirgan boy madaniy meros, san`at asarlari xalqimizning faxri, g’ururi, desak mubolag’a bo’lmaydi. O’tmishdan bizgacha Yetib kelgan yodgorliklarni ko’rib yoshlarda milliy istiqlol g’oyalariga sadoqat shakllansa, ularni qurdirgan bobolarimiz ruhi shod bo’ladi. Shularni e`tiborga olgan holda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorazm viloyatida 2013-2015 yillarda turizm sohasini rivojlantirish dasturi haqida”gi qarorini amalga oshirish maqsadida universitet kasaba uyushmasi hamda ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo’limi Respublika kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi “Kasaba sayr” tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma asosida jamoamizda uzoq yillardan beri mehnat qilib kelayotgan fidoiy professor-o’qituvchilar, ishchi xodimlar hamda o’qish va jamoat ishlarida faol talabalarni Xiva shahriga sayohatini uyushtirdi. 6-9 sentyabr kunlari ezgu niyatlar bilan tashkil etilgan bir guruh dastlabki 36 nafar sayohatchilar Jaxonga dong’i ketgan Xorazm viloyatining Urgench shahriga tashrif buyurdilar. Ko’xna va muqaddas zamin tuprog’ida bizni uch yulduzli mehmonxona maqomini olgan “Sobir Arqonchi” xodimlari bilan birga ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Xiva tuman kengashi raisi Dildora Razzoqova hamda Xorazm viloyati “Matbuot tarqatuvchi sho’`ba” korxonasi direktori Yulduzxon Toshpo’latovalar kutib olishdi. Xiva xonligi tarixiga bag’ishlangan sayohatimizda esa bizga Ko’xna ark nomidagi qadimgi Xorazm muzeyi ilmiy xodimi Dilfuza Toshpo’latova hamroxlik qilib, 26 gektarlik maydonni egallagan Ichan qal`a tarixi, Xiva xonligi davrida bunyod etilgan obidalar bilan tanishtirdi. Ota-bobolarimizning asrlar davomida to’plangan hayotiy tajribasi, diniy, axloqiy, ilmiy, adabiy qarashlarini ifoda etadigan bebaho ma`naviy obidalardan biri hisoblanmish Qala ichidan o’rin olgan Said Alouddin muzeyi, Kalta minor, Muhammad Aminxon madrasalari Yuneskoning dunyo yodgorliklari ro’yxatidan joy olgan. Dilfuza Toshpo’latovaning aytishicha yodgorliklarning asosiy qismi asl holaticha saqlanmoqda. Ularning hech qanday ta`mirsiz bunday yaxshi holatda bizgacha Yetib kelishi, qal`ani o’rab turgan devorning ham ming yillar davomida tabiat hodisalariga dosh berib, o’z ko’rinishini yo’qotmaganligi, san`at ustalarining mehnatlarini asl holicha ko’rish bizga nasib bo’layotganidan xayratlanmaslik mumkin emas. – Bu mo’jizalarning sirini ustalar o’zi bilan olib ketgan,- deydi D. Toshpo’latova. “Allo-Quli-Xoni” majmuasi, “Tosh hovli” saroyi, “Polvon Darvoza” bilan tanishar ekanmiz, ularda ifoda etilgan teran fikr va g’oyalar, hayot falsafasi bilan har qanday insonni xayratda qoldirishiga yana bir karra amin bo’lamiz. Xorazmning eng yaqin tarixida o’chmas iz qoldirgan shox va shoir, 47 yil xonlik qilgan Muhammad Raximxoni soniy – Feruz tomonidan qurdirilgan minoralar asosan uch qismli naqshinkor gullar bilan bezatilgan bo’lib, “Avesto” ning ma`no-mohiyatini belgilab beruvchi ”Ezgu fikr, ezgu so’z, ezgu amal” degan tamoyilni o’zida jo qilgan. Xoji Islom minorai masjidi, Paxlavon Mahmud, Uch avliyo maqbaralarini ziyorat qilib, “Niyat qudug’i”dan suv ichar ekanmiz, o’tganlarning ruhi shod bo’lib hamisha bizni qo’llashi, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo’lishini tiladik. Shuni aytish joizki, ajdodlarimizning aql-zakovati, qalb qo’ri mahsuli bo’lmish noyob yodgorlikning zamon to’fonlaridan, qanchadan-qancha og’ir sinovlardan o’tib, bizning davrimizga Yetib kelganining o’zida katta ma`no mujassam. Bunday o’lmas asori atiqalar bu ko’xna o’lkada, bugun biz yashab turgan tuproqda qadimdan buyuk madaniyat mavjud bo’lganidan guvohlik beradi. Yevropaning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan sayyohlarning madaniy merosimizni havas bilan tomosha qilayotganini ko’rib, shu yurt farzandi ekanligingdan g’ururlanasan. Safar barcha professor-o’qituvchilar, ishchi xodim hamda talabalarda katta taassurot qoldirganini ularning e`tiroflaridan bilish mumkin. - Eng baland, 57 metrlik minoradan turib Ichan qal`ani kuzatar ekanman, osmon bilan tutashgudek gumbazlarni ko’rib nima uchun Xivani ertaklar mamlakatiga o’xshatilishi, “Ochiq osmon ostidagi muzey” deyilishining sababini anglagandek bo’ldim go’yo, - deydi CHet tillar fakulteti o’qituvchisi, dotsent Lola Iliyeva. - O’zbek ayollari orasida o’zi uchun vaqt, mablag’ ajratib bu kabi joylarga keluvchilar kam,- deydi xo’jalik ishlari xodimlari kasaba uyushma faoli Kimyo Yusupova. - Universitet rahbariyati, kasaba uyushmasi, ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo’limi sabab bugungidek sermazmun sayohat-ziyoratning ishtirokchisiga aylanib turibmiz. - Yuz marta eshitgandan bir marta ko’rgan afzal, deganlaridek, bugun ajdodlarimizdan qolgan meroslarni ko’rib, ularning bizga qadar Yetib kelganligi sir asrorini bilolmay lol qoldik,- deydi Kasb ta`limi fakulteti talabasi Firdavs Bo’ronov. – Bu kabi sayohatlar bilim va dunyoqarashlarimiz ortishiga xizmat qiladi, albatta. Barcha tengdoshlarim qalbida yoshlarga bunday imkoniyat yaratib berayotgan raxbariyatdan minnatdorlik hissi ortib borardi. “Shovot - Toshkent” poyezdida safar taassurotlari bilan o’rtoqlashib kelar ekanmiz, xayolimdan bir narsa o’tdi: Daraxtdagi meva xujayralari ko’z ilg’amas hayot tomchilari orqali ildizga jon qidirib tinimsiz yugurib turganlari yanglig’, insoniyat ham o’z o’tmishini qo’msab turishi, ajdodlardan qolgan merosni ko’rib zavq olish bilan birga men vatanim uchun, kelajak avlod uchun nima qilayapman, degan g’oyani yodga olib, ezgu ishlarga chog’lansa, ne ajab. Tarixsiz kelajak yo’q, deyilishi ham bejiz emas, albatta.

Nargiza RASULMUHAMEDOVA

Yana o`qing