Universitet rektorining "O'qituvchi va murabbiylar kuni"ga bag'ishlangan bayram tabrigi

Aziz ustozlar va hamkasblar! Qadrli talabalar! Ustoz! Bu tabarruk kalomni eshitgan har bir qalbda iliq bir mehr, hayajon va hurmat uyg'onishi tabiiy.

Aziz ustozlar va hamkasblar! Qadrli talabalar! Ustoz! Bu tabarruk kalomni eshitgan har bir qalbda iliq bir mehr, hayajon va hurmat uyg'onishi tabiiy. Zero, allomalar inson kamolotida ustozning o'rni va maqomini ota bilan bir qatorga, ba`zan esa undan ham yuqori qo'yishgani bejiz emas. Insoniyat paydo bo'libdiki, ustoz-shogirdlik an`anasi hamisha mavjud va bardavom. Ilm-fan, hayot tajribalari va sir-asrorlarini o'rgatish orqali ustoz shogirdini kamolga Yetkazadi, unga ta`lim-tarbiya beradi. Bunda yana bir savqitabiiy intilish ham borki, u ham bo'lsa, shogird timsolida o'z umrini davom ettirish va qayta yashashga bo'lgan ishtiyoqdir. Agar mana shunday buyuk va olijanob tuyg'u bo'lmaganida, balki insoniyat tamaddunning hozirgi darajasiga erisha olmagan bo'lardi. Odamzotni ko'kka ko'taradigan, el aro obro'sini yuksaltiradigan mezon ilmu-hunar, kasbu-kor, axloq va odobdir. Bularning bari ustoz ko'magida egallanadi. Sohibqiron Amir Temur vafotidan so'ng o'zini ustozi va piri Said Barakaning oyoq uchiga dafn etishlarini vasiyat qilganida ham teran ma`no bor. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy "Agar shogird ulg'aygach, podshohlik martabasiga erishsa ham, o'z muallimiga qulluq qilsa arziydi. Binobarin, shogird shayx ul-islom yoki qozilik darajasiga ko'tarilganda ham ustozi undan rozi bo'lsa, Tangri ham rozi bo'ladi", deb yozgan edi. Ustoz va murabbiylar mehnati mustaqillik yillarida tom ma`noda o'z qadrini, qimmatini topdi. Prezidentimiz qaroriga binoan ustoz va murabbiylar bayrami - 1 oktyabrning umumxalq bayrami sifatida nishonlanishini ham soha fidoiylariga ko'rsatilayotgan yuksak e`tibor, hurmat hamda g'amxo'rlikning hayotiy ifodasi sifatida e`tirof etish mumkin. Bugun yurtimizda yosh avlodga ta`lim-tarbiya berayotgan, kasb-hunar sirlarini o'rgatayotgan ustozlarning zimmasidagi mas`uliyat juda ulkan. O'zbekiston Respublikasining "Ta`lim to'g'risida"gi Qonuni hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amaliyotga izchil tatbiq etish va barkamol avlodni tarbiyalash bu boradagi ustuvor vazifalar sanaladi. Davlatimiz tomonidan ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik, har bir o'qituvchining azaliy orzusi bo'lgan qulay, shinam, zamonaviy texnik asbob-uskunalar va laboratoriya jihozlari bilan ta`minlangan ta`lim muassasalarida mehnat qilish ustoz va murabbiylarni yanada g'ayrat-shijoat bilan faoliyat yuritishga, yurt ravnaqi, yosh avlod kamolotiga hissa qo'shishga undamoqda. Shu bilan birga, globallashuv asri deb atalayotgan bugungi tezkor zamon sharafli kasb egalarini doimo sergak va hushyor turishga da`vat etmoqda. Zero, turli axborot vositalari orqali tarqatilayotgan ma`naviy tahdidlarning asosan yoshlar ongi va qalbini egallashga qaratilayotgani soha xodimlarini hammadan ko'ra ko'proq tashvishlantirishi tabiiy. Bunday murakkab vaziyatda eng muhim vazifa yoshlarga to'g'ri yo'l ko'rsatish, yot mafkura va g'oyalardan asrash ekanini bugun har bir ustoz-murabbiy chuqur anglagan holda mehnat qilmoqda. Jamiyat rivojining qaysi o'zandan va qay darajada borishi, ertangi kuni ko'p jihatdan o'qituvchi-murabbiylarga bog'liq. Chunki ertangi kun egalari bo'lmish yosh avlod ongu shuuriga yuksak vatanparvarlik va milliy g'urur tuyg'ularini singdiradigan, hayotning past-baland so'qmoqlarida dadil odimlashlariga yordam beradigan ham ustozu murabbiylardir. Shuni ishonch bilan qayd etamanki, respublikamizda o'qituvchilar tayyorlash sohasida tayanch oliy o'quv yurti bo'lgan universitetimizning har bir professor-o'qituvchisi, xodimi buni chin dildan his qilgan holda mehnat qilmoqda. Ushbu bayram nafaqat ustoz va murabbiylarning, balki bugun auditoriyalarda tahsil olib, ertangi kunga ishonch va yurt ravnaqiga munosib hissa qo'shish ishtiyoqi bilan yashayotgan talabalarning, bo'lajak kasb sohiblarining ham bayramidir. O'ylaymanki, bugun buyuk kelajakka poydevor qo'yayotgan bu yoshlar biz - ustozlarining ishonchi va umidini oqlaydilar. Barchangizga bayram muborak bo'lsin, azizlar. Mashaqqatli va sharafli faoliyatingizda sizga ulkan zafarlar tilayman. Shavkat SHARIPOV, universitet rektori