II bob. Malakaviy imtihonlarni o’tkazishni tashkil etish

7. Malakaviy imtihonlar tegishli fan sohalari bo’yicha o’quv, ilmiy-tashkiliy tuzilmalari (kafedra, bo’lim, laboratoriya) mavjud bo’lgan OAK tomonidan belgilangan tashkilotlarda o’tkaziladi. 8. Ixtisoslik fani bo’yicha malakaviy imtihonlar dissertatsiya himoyasi o’tkaziladigan fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash faoliyat ko’rsatayotgan tashkilotlar huzuridagi komissiyalar tomonidan qabul qilinadi. 9. Ixtisoslik fani bo’yicha malakaviy imtihon: talabgorning nazariy va kasbiy tayyorgarligi darajasi, uning ushbu fanning shakllanishi va rivojlanishi tarixi, umumiy kontseptsiyalari va metodologiya masalalari, manbalari, shu bilimlar tarmog’ining asosiy nazariy va amaliy muammolarini qay darajada bilishini aniqlab berishi, uning sohaga oid ilmiy adabiyotlarni, jumladan xorijiy davriy nashrlarni hamda ilmiy tadqiqotlarning zamonaviy usullarini qay darajada egallaganligini; talabgor tegishli fan sohasi rivojining hozirgi ahvoli, muammolari va istiqbollarini, unda o’tkazayotgan tadqiqotining o’rni, yangiligi va ahamiyatini bilishini ko’rsatib berishini nazarda tutadi. 10. Har bir fan bo’yicha malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyalari tashkilot rahbari tomonidan OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga tuziladi. Komissiya ilmiy darajaga ega bo’lgan besh-Yetti nafar a`zodan, jumladan shu fan sohasi bo’yicha fan doktori ilmiy darajasiga ega bo’lgan raisdan iborat bo’ladi. Komissiya raisidan tashqari komissiya a`zolaridan kamida ikki nafari fan doktori bo’lishi lozim. 11. CHet tili bo’yicha malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyasi chet tillar kafedralarining o’qituvchilaridan (shulardan kamida ikki nafari ilmiy darajaga ega bo’lishi kerak) iborat besh-Yetti nafar a`zodan, jumladan talabgorning ixtisosligi bo’yicha fan doktori ilmiy darajasiga ega bo’lgan mutaxassisdan iborat tarkibda OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga tuziladi.