III bob. Malakaviy imtihonlarni o’tkazish

12. Malakaviy imtihonlar sessiyalar shaklida fevral, may va noyabr oylarida belgilangan reja asosida o’tkaziladi. Talabgorlar sessiya paytida malakaviy imtihonlarni eksternat tarzida topshirish huquqiga ega. 13. Talabgorlar ro’yhati tashkilot rahbarining buyrug’i bilan tasdiqlanib, e`lon qilinadi. Buyruqda malakaviy imtihon o’tkazish joyi va vaqti ko’rsatilishi kerak. 14. Malakaviy imtihon qabul qilinishidan besh kun oldin imtihon qabul qiladigan tashkilot tomonidan talabgorlar ro’yxati, imtihon qabul qilish vaqti, joyi va komissiyaning tarkibiga doir ma`lumotlar kuzatuv xati bilan OAKga yuboriladi. Malakaviy imtihonlarni OAKni xabardor qilmasdan qabul qilish man etiladi. 15. Malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyasi, agar uning ishida komissiya a`zolarining kamida to’rt nafari, jumladan fan doktori ishtirok etayotgan bo’lsa, imtihon qabul qilishga haqli. 16. Malakaviy imtihonlarda imtihon o’tkazilayotgan tashkilot huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash a`zolari, tashkilot rahbari, rahbar o’rinbosarlari va tegishli vazirlik yoki idoraning hamda OAK vakillari ishtirok etishlari mumkin. Malakaviy imtihonlarning noxolis o’tkazilganligi holatlari aniqlangan taqdirda, OAK imtihon natijalarini bekor qilish huquqiga ega. 17. Malakaviy imtihonlar yozma va og’zaki shaklda o’tkaziladi. Talabgorlar yozma shaklda javob tayyorlash uchun imtihon varaqalaridan foydalanadi. Imtihon varaqalari imtihon o’tkazilgandan keyin bir yil davomida imtihon o’tkazilgan tashkilotda saqlanadi. Talabgor savollarga imtihon komissiyasi a`zolari oldida javob beradi. Imtihon komissiyasi a`zolari tomonidan talabgorga imtihon qabul qilinayotgan fan bo’yicha qo’shimcha savollar berilishi mumkin. Komissiya a`zolari baho qo’yishda mustaqildir. Komissiya a`zolari qo’ygan baholari to’g’risida komissiya raisiga ma`lum qiladi va komissiya raisi tomonidan o’rta arifmetik qiymatini hisoblash orqali umumiy baho chiqariladi. 18. Talabgorning bilim darajasi 100 ballik tizimda quyidagicha baholanadi: 86 balldan 100 ballgacha – a`lo; 71 balldan 86 ballgacha – yaxshi; 56 balldan 71 ballgacha – qoniqarli; 0 balldan 56 ballgacha – qoniqarsiz. 19. Malakaviy imtihon qabul qilish bayonnomasi har bir talabgor uchun alohida to’ldirilib, unda imtihon savollari yoziladi. Malakaviy imtihon bayonnomasi imtihonda ishtirok etgan komissiya a`zolari tomonidan imzolanadi. Bayonnomada imtihon qabul qilgan komissiya a`zolarining ilmiy darajasi, ilmiy unvoni hamda ixtisosligi ham ko’rsatiladi. Malakaviy imtihon bayonnomasi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi va belgilangan muddatda malakaviy imtihon o’tkazilgan tashkilotda saqlanadi. 20. Talabgorga mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda malakaviy imtihon topshirilganligi haqida guvohnoma beriladi. Mazkur guvohnoma besh yil davomida amal qiladi va dissertatsiya mazkur muddat ichida himoya qilinishi lozim. 21. Talabgor uzrli sabablarga ko’ra imtihonga kelmagan taqdirda, tashkilot rahbarining ruxsati bilan joriy sessiya davomida imtihon topshirish huquqiga ega. Bu haqda tashkilot rahbari tomonidan OAKga xabar beriladi. 22. Malakaviy imtihonni bir sessiya davomida takroran topshirishga yo’l qo’yilmaydi. 23. Talabgor tashkilot rahbariga malakaviy imtihonni qabul qilish komissiyasining qarori yuzasidan joriy sessiya davomida shikoyat qilish huquqiga ega. 24. Imtihon o’tkazilayotgan tashkilot rahbari mazkur Nizomning malakaviy imtihonlarni o’tkazishga oid talablariga rioya qilinishi uchun mas`uldir. 25. Tashkilotlar rahbarlari va rahbar o’rinbosarlariga malakaviy imtihonlarni o’z asosiy ish joylarida topshirishga ruxsat etilmaydi. 26. Malakaviy imtihonlarning natijalari to’g’risida tegishli tashkilotlar tomonidan har yili dekabr oyining 10-sanasigacha OAKga ma`lumot beriladi.