Universitet rektorining yangi yil munosabati bilan tabrigi

Fursatdan foydalanib, universitetimiz professor-o‘qituvchilari, xodimlar hamda talabalarni kirib kelayotgan 2019 yil bilan samimiy qutlayman. Kelgusi yil ham ijodiy yangiliklar hamda muvaffaqiyatlarga boy bo‘lishini tilayman.

Assalomu alaykum hurmatli professor-o‘qituvchilar hamda universitetimizning faol, yetakchi talabalari!

Sizlarni kirib kelayotgan yangi 2019-yil bilan chin qalbdan muborakbod etaman hamda yangi yilning muvaffaqiyatlarga, ijodiy yutuq hamda g‘alabalarga boy bo‘lishini tilayman.

Yangi yilning boshlanishi o‘tayotgan yilning sarhisobi, faoliyatimizdagi yutuq hamda kamchiliklar to‘g‘risida mushohada qilish, kelgusi yil uchun yangi rejalar tuzish jihatidan ham ahamiyatlidir. 

 

O‘tib borayotgan 2018 yil – “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” universitetimiz hayotida ham bir qator o‘zgarishlar, yangilanishlarga boy bo‘ldi, deb aytish mumkin. Shuningdek, ortda qolayotgan yil Oliy ta’lim muassasamiz uchun barqaror rivojlanish imkoniyatlarini ham ochib berdi. Muassasamizda kuzatilgan o’zgarishlarning negizida, albatta, yurtimizda kechayotgan islohotlar hamda yangilanishlar yotganini ta’kidlash lozim. Yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoev tashabbuslari bilan davlatimizda olib borilayotgan islohotlar, innovatsion taraqqiyot shamoli Oliy ta’lim sohasida, xususan, bizning universitet hayotida ham tub o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Xususan, o‘tib borayotgan yil davomida universitetimiz ham tarkibiy, ham ilmiy salohiyat jihatidan kengaydi, rivoj topdi. Muassasamiz o‘zining yangi bino hamda inshootlariga, tarkibiy tashkilotlariga ega bo‘ldi.

Xususan, 2018-2019 o‘quv yili tehsil olishlari uchun universitetimizga mamlakatimizda mavjud barcha qabul shakllari bo‘yicha talabalarni qabul qildik. Shuningdek, qator fakultet hamda kafedralarimizda kengayishlar, tarkibiy o‘zgarishlar kuzatildi. Respublikada birinchilardan bo’lib Belarus davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda o‘zbek-belarus qo‘shma fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bularning barchasi, avvalo Universitetimiz jamoasining, shuningdek, bu yerda o‘qib, ta’lim olayotgan bo‘lajak pedagoglarimizning ham yutuqlaridir.

Biz tayyorlayotgan kadrlarning sifati olib borayotgan faoliyatimizga berilgan eng asosiy bahodir. Shu jihatdan, yutuqlarimizdan yana biri, yaqindagina iqtidorli talabalarimizdan biri bo‘lmish Shohsanam Xolboeva Respublika bo‘ylab o‘tkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovining mutloq g‘olibi bo‘lgani Yangi yilga chinakam sovg‘a bo‘ldi.

Fursatdan foydalanib, universitetimiz professor-o‘qituvchilari, xodimlar hamda talabalarni kirib kelayotgan 2019 yil bilan samimiy qutlayman. Kelgusi yil ham ijodiy yangiliklar hamda muvaffaqiyatlarga boy bo‘lishini tilayman.

Rektor          Sh.S.Sharipov