Toshkent davlat pedagogika universiteti Finlyandiyaning JAMK universiteti bilan hamkorlik qilishni boshladi

Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq so‘nggi yillarda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda.

2019-yil 18-fevral kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga Finlyandiyaning JAMK amaliy fanlar universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida sog‘liqni saqlash bo‘yicha doktor filosof, konsultant Yoxanna Xeykkilya, universitetning rivojlanish bo‘yicha direktori Leena Liimatainen, Moliya ishlari bo‘yicha vakil Pertti Malkki uchrashuvda ishtirok etdi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida JAMK universiteti bilan turli sohalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mumorandumini imzolashga kelishib olindi. Shuningdek, Finlyandiyaning aniq fanlar universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Ochiq leksiyalar tashkil etish, maktabgacha ta’lim hamda boshlang‘ich ta’lim sohalarida tajriba almashish, Yevropa ittifoqining ta’limni rivojlantirishga yo‘naltirilgan Erasmus+ loyihasi doirasida sohada mobillikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish rejalashtirildi. O‘zbekiston hamda Finlandiya oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish jarayonida mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, Finlyandiyaning qo‘shni Qozog‘iston Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini ijodiy o‘rganishga kelishib olindi.