“XALQIMIZ MA’NAVIY MEROSINI O‘RGANAMIZ!”

“XALQIMIZ MA’NAVIY MEROSINI O‘RGANAMIZ!” TO‘GARAGI A’ZOLARI ZANGIOTA ZIYORATGOHIDA!

O‘zbek xalqi milliy ma’naviy merosining tayanch ustunlaridan biri bo‘lgan muqaddas qadamjo va va ziyoratgohlarning o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati beqiyos. Jannatmakon yurtimizdagi har bir go‘shasida qad rostlab, necha asrlardan beri ma’naviy xazina sifatida ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan muqaddas ziyoratgohlar xalqimizning tarixi va urf-odatlari, diniy bag‘rikengligi, milliy his-tuyg‘ulari, orzu-umidlari, ilmiy tafakkuri, ma’naviy va madaniy salohiyatini o‘zida mujassam etadi. Qadimdan ma’lumki, ziyoratgohlardagi aziz-avliyolar hayotidan ibrat olish odamlarni yomon yo‘llardan uzoqroq yurishga, insofli-diyonatli bo‘lishga, o‘zidan faqat yaxshilik qoldirish singari hayrli ishlarga hamda mehr-oqibat, halollik, adolat singari insoniy qadriyatlarni ulug‘lashga undab kelgan. Talaba yoshlar ongi va qalbiga ana shu ezgu fazilatlarni chuqurroq singdirish maqsadida Nizomiy nomidagi TDPU “Milliy g‘oya va ma’naviyat asoslari” kafedrasi qoshida tashkil etilgan “Xalqimiz ma’naviy merosini o‘rganamiz!” to‘garagi a’zolarining Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohiga tashrifi uyushtirildi. Zero, qadimiy tariximiz va va boy madaniyatimizni yoshlarga anglatish, ularda urf-odat va an’analarga hurmat hissini tarbiyalash – yorqin kelajak uchun qo‘yilgan tamal toshidir.