Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi litsey talabalari uchun ochiq dars o‘tdi

Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litseyga 2019-yil 13-mart kuni Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim tashrif buyurdi.

Akademik litsey o‘quvchilarining xitoy tilini bilish darajasini aniqlash hamda O‘zbekiston va Xitoy munosabatlariga yoshlar ko‘zi bilan nazar tashlash maqsadida uyushtirilgan ushbu tashrif davomida Szyan Yan xonim o‘quvchilarga “O‘zbeki va Xitoy madaniyati” mavzusida ochiq dars o‘tdi.

Akademik litseyning xitoy tilini maxsus fan sifatida o‘rganuvchi guruhi bilan o‘tkazilgan ochiq darsda Szyan Yan xonim o‘zbek va xitoy xalqlari madaniyatlaridagi mushtarak jihatlar to‘g‘risida so‘zladi. Shuningdek, erkin savol-javob tarzida o‘quvchilar bilan o‘zbek adabiyoti durdonalari - “O‘tgan kunlar” asari, A.Oripov, E.Vohidov, Zulfiya ijodi to‘g‘risida fikr almashildi. Elchi xonim akademik litsey o‘quvchilari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasini yoddan o‘qidi.

Uchrashuv so‘ngida Szyan Yan xonim XXR tomonidan har yili ajratiladigan ta’lim grantlari dasturida ikki nafar TDPU akademik litseyi o‘quvchilari g‘olib bo‘lganini e’lon qildi. O‘quvchilarning til o‘rganishga bo‘lgan intilishlarini yanada oshirish maqsadida xitoy tilidagi nodir asarlar to‘plamini litsey fondiga sovg‘a qildi.