Moskva pedagogika davlat universiteti bilan hamkorlikda ilmiy ta’lim markazi ochildi

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Moskva pedagogika davlat universiteti bilan hamkorlikda ilmiy ta’lim markazi ochildi.

Bugungi kunda malakali, zamon talablari asosida faoliyat ko‘rsata oladigan raqobatbardosh kadrlar tayyorlash mamlakatimiz ta’lim siyosatining asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishda ta’lim sifatini jahon andozalari asosida tashkil etish maqsadida oliy ta’lim muassasalari faoliyatida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik aloqalari ta’lim jarayonidagi integratsiyalashuvga zamin bo‘lib xizmat qiladi.

25-mart kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga Moskva Pedagogika davlat universiteti rektori Aleksey Vladimirovich Lubkov javob tashrifi bilan keldi. Qayd etish lozimki, TDPU hamda MPGU o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari 2017-yilning 12-avgustida imzolangan hamkorlik bitimi asosida bosqichma-bosqich rivojlanib bormoqda. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad, 2018- yilning 24-dekabrida TDPU hamda MPDU o‘rtasida o‘zbek-rus ilmiy ta’lim markazlarini ochish to‘g‘risida imzolangan kelishuvga muvofiq, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida rus-o‘zbek ilmiy ta’lim markazini ochish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.

Moskva pedagogika davlat universiteti rektorining tashrifi davomida TDPUda A.F.Losev nomidagi Rossiya-O‘zbekiston ilmiy ta’lim markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosim chog‘ida ikkala universitet rahbarlari chiqish qilib, mazkur ilmiy-ta’lim markazlarining pedagogika fani taraqqiyotida muhim o‘rin egallashi hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik jarayonida asosiy baza bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlashdi. Shuningdek, tashrif davomida MPDU bilan tuzilgan yo‘l xaritasiga muvofiq hamkorlikda kadrlar tayyorlash, ta’lim sohasida aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat pedagogika universitetida Moskva pedagogika davlat universiteti bilan hamkorlikda rus tili va adabiyoti fanidan mutaxassislar tayyorlash jarayoni yo‘lga qo‘yilishi, shuningdek, professor-o‘qituvchilar hamda magistrlarning Moskvada malaka oshirishini tashkil etishga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Sh.S.Sharipov joriy yilning fevral oyida MPDUda bo‘lib, Moskvaning pedagog kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan yetakchi oliy ta’lim muassasasida U.N.Nishonaliyev nomidagi O‘zbekiston-Rossiya ilmiy-ta’lim markazi ochilishida ishtirok etgan edi.