TDPUda xorijda ta’lim olishni xohlovchilar uchun maxsus o‘quv kurslari boshlandi

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida 1-apreldan xorijda ta’lim olishga nomzod yoshlar uchun mo‘ljallangan maxsus chet tilini o‘rgatish o‘quv kurslari ish boshladi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur o‘quv kurslari chet elda malaka oshirishga nomzod professor-o‘qituvchilar, doktorantlar hamda magistrantlarning chet tillari (ingliz, fransuz, nemiz) bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashni nazarda tutadi.

TDPUda tashkil etilgan chet tillari bo‘yicha o‘quv kurslarida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent davlat pedagogika universitetidan nofilologik yo‘nalishdagi professor-o‘qituvchilar, doktorant hamda magistrantlar mazkur kurslarda ishtirok etmoqda.

Xorijda malaka oshirishga nomzodlar uchun V1, V2 hamda A2 toifalari bo‘yicha ta’lim beriladi. Eslatib o‘tamiz, mazkur kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan pedagoglarga “El-yurt umidi” jamg‘arma stipendiyasi tanlovida ishtirok etish uchun maxsus sertifikat beriladi.