“Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi

Toshkent shahridagi maktab bitiruvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilarini ta’limning keyingi bosqichiga jalb qilish, pedagogika yo‘nalishiga qiziqishi bo‘lgan bitiruvchilarni universitet hayoti bilan yaqindan tanishtirish va kelgusida pedagogika sohasida ta’lim olishlari uchun yo‘nalish berish maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Tadbir 2019-yilning 10-aprel kuni Toshkent davlat pedagogika universitetida boshlandi. “Ochiq eshiklar kuni”da pedagogika yo‘nalishida tahsil olish istagini bildirgan 400 dan ortiq bitiruvchilar Toshkent davlat pedagogika universitetiga tashrif buyurdi.

Tadbirda shuningdek, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi rahbar o‘rinbosari S.M.Kirgizbaev, Boshqarmaning metodik xizmat bo‘limi boshlig‘i N. B. Ikromova hamda Toshkent shahriga qarashli tuman xalq ta’limi bo‘limlari vakillari, poytaxt maktablarining direktorlari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari Universitet hayoti bilan yaqindan tanishish bilan birga, mamlakatimizda bugungi kunda pedagog kadrlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar haqida keng ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

“Ochiq eshiklar kuni” 11-12 aprel kunlari Toshkent shahrining 11 ta tumanlarida davom etadi.