TDPU rektori akademik litsey o‘quvchilari bilan uchrashdi

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti akademik litseyida universitet rektori Shavkat Safarovich Sharipovning o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019-yil 19 mart kuni yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalariga doir ishlab chiqqan 5 ta muhim tashabbusni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti akademik litseyida universitet rektori Shavkat Safarovich Sharipovning o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

“Kitob – tafakkur xazinasi va munosabatlar kaliti” mavzusida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda rektori Sh.S.Sharipov yuqoridagi 5 ta tashabbusning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib, o‘quvchilarning bu boradagi fikrlarini tingladi. Shuningdek, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida keng kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishda barcha soha mutaxassislari, shu jumladan, rahbarlar ham o‘z hissasini qo‘shishi kerakligini ta’kidladi. Fikrlarining tasdig‘i sifatida litsey kutubxonasiga turli nomdagi ilmiy, badiiy, detektiv, lug‘atshunoslikka oid kitoblar sovg‘a qildi.

Uchrashuvda litseyning izlanuvchan, bilimga chanqoq o‘quvchi-yoshlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish universitet rahbariyatining asosiy  faoliyat yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.