Harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega bo‘lgan fuqarolar OTMga alohida kvota bo‘yicha qabul qilinadi

Loyihada harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan fuqarolar ular uchun ajratilgan alohida kvotalar doirasida, tanlagan birinchi OTM bo‘yicha tanlovda ishtirok etishi belgilangan.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zR Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarni OTMlarga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi. (https://regulation.gov.uz/uz/document/3278)

 

Hujjat loyihasiga ko‘ra O‘zR Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan fuqarolar uchun respublika OTMlarning bakalavriatiga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida alohida qabul kvotalari ajratiladi.

 

Nizomga binoan kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan O‘zR Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abiturientlar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, ajratilgan alohida kvotalar doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

 

Loyihada harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan fuqarolar ular uchun ajratilgan alohida kvotalar doirasida, tanlagan birinchi OTM bo‘yicha tanlovda ishtirok etishi belgilangan.

 

Alohida kvota har bir  OTMning bakalavriatiga (har bir ta’lim shakli bo‘yicha) o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarining besh foizi miqdorida belgilanishi ko‘rsatilgan.

 

Nizomga muvofiq, alohida kvotalarning OTMlar kesimidagi taqsimoti har yili O‘zR  Prezidentining  OTMlarga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risidagi tegishli qarori qabul qilinganidan so‘ng ikki hafta muddatda O‘zR ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.