2021-yilda PISA yurtimiz o‘quvchilarining savodxonligini baholaydi

PISA-2021 - o‘quvchilarning savodxonligini baholash xalqaro dasturida ishtirok etish to‘g‘risida Xalqaro iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotlari (IHTT) bilan kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 8-dekabrdagi 997-sonli qaroriga binoan PISA-2021 - o‘quvchilarning savodxonligini baholash xalqaro dasturida ishtirok etish to‘g‘risida Xalqaro iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotlari (IHTT)  bilan kelishuvga erishildi.

Ayni kunlarda kelishuvga ko‘ra 2021-yilda tashkil etilishi kutilayotgan o‘quvchilarning savodxonligini baholash jarayoniga tayyorgarlik ishlari boshlandi. Rejalashtirilayotgan mazkur keng ko‘lamli tadbirda manfaatdor tashkilotlar sifatida Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi, Avloniy nomidagi rahbar va mutaxassis xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti ishtirok etmoqda.

Dasturni amalga oshirish bo‘yicha tayyorgarlikni baholash maqsadida o‘tgan hafta Avstraliya ta’lim tadqiqotlari kengashi katta ilmiy xodimi Ursula Shvanter xonim Toshkent shahriga keldi. Tashrif davomida Toshkent davlat pedagogika universitetida bo‘lgan ACER vakilasi Dastur bo‘yicha mamlakat reytingini yaratish hamda har uch yilda o‘tkaziluvchi maxsus testlar asosida o‘smirlarning bilim darajasini belgilash jarayoni bo‘yicha universitet rahbariyati bilan fikr almashdi.

Ma’lumot uchun, Toshkent davlat pedagogika universiteti o‘quvchilarning savodxonligini baholash dasturining faoliyatini yurtimizda yo‘lga qo‘yish jarayonida tayanch oliy ta’lim muassasasi sifatida ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, PISA dasturiga ko‘ra, 2021-yilda o‘quvchilarning savodxonligini aniqlash maqsadida yurtimiz maktablarining 9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ona tili va matematika fanlaridan maxsus sinovlar o‘tkaziladi. Sinov natijalariga ko‘ra xalqaro o‘quvchilar savodxonligi reytingida mamlakatimiz yoshlarining o‘rni belgilanadi.