“Ogohlik – davr talabi”

2019-yil 30-may kuni “Maxsus pedagogika” fakultetida “Ogohlik – davr talabi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodim I.Ma’rupov, Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va eksterimizmga qarshi kurashish Bosh boshqarmasi mas’ul xodimi A.Karimov, fakultet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda 2019-yil 19-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida bo‘lib o‘tgan yoshlarga e’tiborni kuchaytirish ularning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyatini talaba-yoshlarga yetkazish hamda bu boradagi ishlar ijrosini ta’minlash yuzasidan fikr almashildi.

E’tirof etilganidek, kelajagimiz egalarining tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda. Abdulla Avloniy ham “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir”, deb bejizga ta’kidlamagan. Tarbiya mukammal bo‘lishi uchun esa bu masalada bo‘shliq paydo bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbari ertaga salbiy oqibatlarga sabab bo‘luvchi bo‘shliqlarning oldini olish va ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarni ma’naviy barkamol va jismonan baquvvat bo‘lishi uchun ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, yoshlarni san’at va adabiyotga qiziqtirish, jismoniy chiniqtirish, internetdan samarali foydalanishini yo‘lga qo‘yish, ma’naviyatini yuksaltirish va ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish kabi masalalar ustuvor ahamiyatga egadir.

Ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, “ommaviy madaniyat” kabi xavf-xatarlar kuchayib, odamzot asrlar davomida amal qilib kelgan e’tiqodlar, oilaviy qadriyatlarga putur yetkazayotgan bir sharoitda bu kabi masalalarga befarq qaramoq – kelajagimizga bee’tibor bo‘lmoq ekanligi ayni haqiqatdir.

Mamlakatimiz kelajagi sog‘lom va har tomonlama uyg‘un rivojlangan yoshlar qo‘lidadir. Dunyoning turli mintaqalarida ziddiyatlar, beqarorlik kuchaygan, ixtiloflar davom etayotgan bir sharoitda biz yoshlarimizni, o‘z farzandlarimizni turli zararli ta’sirlardan himoya qilishimiz zarurligini yoddan chiqarmasligimiz kerak.

Xususan, ma’ruzachilar tomonidan ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari xalqaro terrorchilik va ekstremizm asosida, boshqa omillar bilan bir qatorda, johillik hamda toqatsizlik ham yotganini BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasining yuksak minbaridan turib alohida aytib o‘tdi.  

Shu bois insonlar ongi uchun kurash asosiy vazifadir. Birinchi navbatda, yoshlar tafakkurini egallab olish talab qilinadi. Chunki ekstremistik faoliyat va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda.

BMTga a’zo mamlakatlar vakillari O‘zbekistonning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish, jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazish, Bosh Assambleyaning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiyasini qabul qilish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.

Yoshlar faolligi ostida o‘tgan davra suhbatida ekspertlar va talabalar tomonidan ham bir qator fikrlar bildirildi. Xususan, bugun yoshlar mavzusida gap ketganda odatda ushbu qatlamning zamonaviy gadjetlarga, kompyuter o‘yinlariga berilib ketayotgani tez-tez tanqid qilinishi bor gap. Biroq, yoshlarning ushbu qiziqishlarini ham foydali sohalarga yo‘naltirish mumkinligi qayd etildi.

Davra suhbati yakunida Prezidentimizning tashabbuslari ijrosini ta’minlash, yoshlar orasida ekstremistik qarashlar tarqalishiga qarshi kurash tizimida hamkorlik ishlari belgilab olindi.