“San’at bilan uyg‘unlashgan umrlar”

Pedagogika va psixologiya fakulteti tomonidan 2019-yil 30-may kuni “San’at bilan uyg‘unlashgan umrlar” nomli ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan beshta muhim tashabbus doirasida Pedagogika va psixologiya fakulteti tomonidan 2019-yil 30-may kuni “San’at bilan uyg‘unlashgan umrlar” nomli ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

         Tadbirda teatr, kino va dublyaj san’atiga benazir hissa qo‘shib kelayotgan, O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov, elimiz suygan san`atkor, O‘zbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov, Nizomiy nomidagi TDPU yoshlar bilan ishlash, ma`naviyat-ma’rifat bo‘limi boshlig‘i N.Musayeva, Pedagogika va psixologiya fakulteti dekani X.Kadirov, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari D.Abdullayeva, Pedagogika va psixologiya fakulteti 20 nafar professor-o‘qituvchilari va 350 nafar talaba-yoshlari ishtirok etdilar.

Tadbirni universitet Yoshlar bilan ishlash, manaviyat-ma’rifat bo‘limi boshlig‘i N.Musaeva ochib, davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surganligi va yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berganligi xususida to‘xtalib o‘tar ekan, tashabbus ijrosini amalda namoyon etayotgan Pedagogika va psixologiya fakultetiga va tashrif buyurgan mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi.

         O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov san’at yo‘li mashaqqatli ekanligi, yoshlar tarbiyasida adabiyot va san’atning o‘rni borasida gapirdi: "Bilasizmi, ustozim Shukur Burxonovning o‘gitlari, shapaloqlari va tanbehlari bilan bugun ozmi ko‘pmi muxlislarga ega bo‘lib Erkin Komilov bo‘lib yuribman. San’atkor inson ruhiyatining muxandisi, ruhiyatga ozgina tug‘yon solib tarbiyalaymiz. Ijobiy va salbiy rollarimiz orqali tomoshabin ruhiyatini ezgulik sari yo‘naltiramiz", - deydi ustoz san’atkor. Shuningdek, bugungi kunda ayrim san’atkorlar mahoratiga emas, qosh-ko‘ziga ishonib qolayotgani haqida kuyunib gapirar ekan, san’atkorning dardi, tomoshabinga aytadigan gapi bo‘lishi kerakligini hamda davlatimiz rahbari tomonidan  5 ta muhim tashabbusning ilgari surilishi bugungi kun uchun juda dolzarb ekanligini ta’kidladi.

O‘zbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov adabiyot va san’atning shaxs kamolotidagi ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Orolmirzo Safarov tomonidan jonli ijroda yangragan qo‘shiqlar talaba yoshlarga zavq bag‘ishladi. Shuningdek, Orolmirzo Safarov taqlid san’ati namunalaridan ijro etdi.

          Ayniqsa Erkin Komilov tomonidan "Ona monologi" ijro etilganda butun zal ta’sirlanib, o‘rnidan turib san’atkorni olqishladi.

         Tadbir so‘ngida talabalar ustoz san’atkorlarning kino va teatr, adabiyot, musiqa san’atidagi ijodiy faoliyati borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdilar. Tadbir so‘nggida fakultet dekani X.Kadirov tashrif buyurgan ustoz san’atkorlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi, ularga estalik sovg‘alari taqdim etildi.