Vohada pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yaqin yillar ichida qoplanadi

Ayni vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida Shahrisabz shahrida universitetimiz filiali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o‘tgan yilning dekabr oyida Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida viloyatdagi ta’lim muassasalarida pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ichki imkoniyatlardan foydalangan holda yaqin yillar ichida qoplash zarurligini ta’kidlagan edi.

 

Ayni vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida Shahrisabz shahrida universitetimiz filiali faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2019/2020 o‘quv yilida filialga Boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ishi, Maktabgacha ta’lim va boshqa bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabulni amalga oshirishni  rejalashtirganmiz.

 

Tahlillarga murojaat qilsak, viloyatdagi 350 ta maktabgacha ta’lim muassasasida 3066 nafardan ziyod tarbiyachi faoliyat ko‘rsatadi va 546 nafar tarbiyachiga ehtiyoj bor. Umumta’lim maktablarida 13 248 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatadi. Viloyatda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarni oliy ma’lumotli kadr etib tayyorlash bilan birga, qo‘shimcha 579 nafar oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash zarurati mavjud.

 

Filial Qashqadaryo viloyati va unga qo‘shni hududlar uchun yuqori malakali pedagog kadrlarni tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shadi. Viloyatdagi ta’lim muassasalarining talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish, o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish ham  filial vazifalariga kiradi.

 

Shahrisabz filialida o‘quv jarayonlarini samarali tashkil etish maqsadida universitetimiz hamda Toshkent shahridagi yetakchi oliy ta’lim ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari jalb etiladi. Bundan tashqari xorijlik hamkorlarimizning ishtirokida onlayn mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.                                                                                       

Shavkat Sharipov, rektor