Toshkent davlat pedagogika universiteti kursantlari harbiy qasamyod qabul qildi

2019-yil 23-iyun kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Harbiy ta’lim fakulteti kursantlarining harbiy qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

2019-yil  23-iyun kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Harbiy ta’lim fakulteti kursantlarining harbiy qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Universitetda tashkil etilgan tantanali marosimda Mudofaa vazirligi kadrlar tayyorlash bosh boshqarmasi boshliq o‘rinbosari J.Qayumov ishtirok etib, kursantlarni Qurolli kuchlar safiga kirishlari munosabati bilan qutladi. Shuningdek tadbirda Mudofaa vazirligi Maxsus avariya va tiklash boshqarmasi ansambli, Mudofaa vazirligi harbiy orkestri, Chilonzor tumanidagi 262-MTM tarbiyalanuvchilari o‘z chiqishlari bilan ishtirok etdi.

Har yili Toshkent davlat pedagogika universitetining Harbiy ta’lim fakulteti 3-kurs kursantlari Qurolli kuchlar safiga kirish oldidan o‘z xizmat burchlarini sadoqat bilan ado etish to‘g‘risida qasamyod qilishadi. Bu yilgi marosim har galgidan ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi. Tadbirga tashrif buyurgan ota-onalarning ham quvonchlari bisyor.

-  O‘g‘limning kelajakda yurtimiz tinchligini ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shishi biz ota-onalarda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi, - deydi kursant otasi A.Mirazizov. – Harbiy qasamyod har bir er yigitning burchi, vazifasi deb hisoblayman. Shu burchni ado etish zimmasiga tushgan ushbu kursantlarni harbiylik qasamyodi bilan tabriklayman.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent davlat pedagogika universiteti Harbiy ta’lim fakulteti 2008 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Chaqiriqqacha harbiy ta’lim hamda Jismoniy madaniyat va bolalar sporti ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublikamizdagi akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va umumiy o‘rta ta’lim maktablariga -Jismoniy tarbiya va sport hamda Yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash fanlaridan dars beradigan yuqori malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlab kelmoqda.