Universitet jamoasiga “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” – umumxalq bayrami TABRIGI

Aziz hamkasblar, muhtaram ustoz-murabbiylar! Umidimiz yulduzi bo‘lgan talaba-yoshlar!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida  2019-yil 23-avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz yig‘ilishda maktab ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida fikr yuritar ekan, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir” degan fikrini alohida ta’kidlab, “Bugundan boshlab O‘zbekistonda eng hurmatli, e’zozli inson – muallim bo‘ladi”, - degan fikrni bayon etdi. Davlat va millatning  kelajagi o‘qituvchiga bog‘liq ekanini e’tirof etib muallimlarga katta umid bildirdi.

O‘qituvchi va murabbiylarga davlat miqyosida ko‘rsatilayotgan bunday hurmat va ehtirom 1 oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” ni har yilgidan-da ko‘taringki kayofiyatda nishonlash shukuhini bermoqda. Ko‘psonli pedagogik jamoamizning ustoz-murabbiylari, olim-u olimalari – barchangizni sharafli kasb bayrami bilan muborakbod etishga ijozat bering. Bildirilgan ishonch va ma’suliyatni chin dildan his etgan holda  faoliyat olib borish vijdon amrimizga aylanishiga ishonaman.

Zero, o‘qituvchisi ilg‘or mamlakatning farzandlari har jabhada faol bo‘ladi. Jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularda jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo ta’lim tizimidan boshlanganini ko‘ramiz. Chunki ta’lim tizimini o‘zgartirmasdan turib, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi.

Keyingi yillarda ana shu muammolarni samarali hal etish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha yurtimizda ulkan ishlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Ota-onalar, jamoatchilikning istaklari inobatga olinib, 11 yillik maktab ta’limi tizimi tiklandi. So‘nggi uch yilda 157 ta umumta’lim maktabi yangidan qurildi. 

Ulug‘ allomalarimiz – Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Ishoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari, “Temurbeklar maktabi”, Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi ta’lim dargohlari tashkil etilgani yurtimiz farzandlari uchun ta’lim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar ochib bermoqda. Katta umidlar bilan tashkil etilgan ta’lim dargohlari malakali va o‘z kasbining fidoiylari bo‘la oladigan pedagog kadrlarga ehtiyoj sezishi ayni haqiqat. Bu esa bizning pedagog kadrlar tayyorlaydigan tayanch universitetimiz jamoasi zimmasiga ulkan ma’suliyat yuklaydi.

Universitetimizda 2019-2020 o‘quv yilida yangi tarkibiy tuzilmaga muvofiq 12 ta fakultet va 43 ta kafedrada pedagog kadr tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Maktab menejmenti, Maktabgacha ta’lim psixologiyasi va pedagogikasi, Texnologik ta’lim kabi uchta yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi tashkil etildi hamda joriy o‘quv yilida ilk  talabalar qabuli amalga oshirildi. Undan tashqari beshta ta’lim yo‘nalishida magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash  birinchi marotaba yo‘lga qo‘yildi.

Universitetning Termiz hamda Shahrisabz filiallari joriy o‘quv yilida o‘quv jarayonini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan barcha me’yoriy hujjatlar hamda o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlab berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi farmoniga muvofiq, Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan. Unda 48 ta maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilandi. Xususan, 2030 yilga borib o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha PISA xalqaro dasturi reytingida O‘zbekistonning jahondagi yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilib qo‘yilgan. Loyiha ijrosini ta’minlash maqsadida 2019-2020 o‘quv yilida matematika, tabiiy va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari yuqori kurslari o‘quv rejalariga “Xalqaro baholash dasturlari” moduli tanlov fan sifatida kiritildi. Shuningdek, barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejasidagi o‘qitish metodikasi fanlari mazmuniga “Xalqaro baholash dasturlari” moduli kiritildi.

Mamlakatimizning ta’lim tizimini jahon andozalari darajasiga yuksaltirish maqsadida universitetimiz hozirda  dunyoning 40 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan, talabalarimiz xorijning nufuzli oliygohlarida tahsil olishmoqda, o‘z navbatida  100 dan ortiq xorijiy talabalar ham universitetimizda tahsil olmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini  mazmunli tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus” targ‘ibotini olib borish maqsadida  universitetga qarashli talabalar tutar joylarida 5 tashabbus xonalari tashkil etildi va zarur ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari bilan jihozlandi. Bundan tashqari, joriy yilda 10-Talabalar turar joyi to‘liq ta’mirdan  chiqarilib, zamon talablariga mos jihozlar bilan ta’minlangan holda foydalanishga topshirildi. Talabalarimiz eng so‘nggi sport jihozlari bilan  ta’minlangan sport zali, dam olish xonasi, zamonaviy oshxona, kutubxona va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ma’naviyat xonalaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lishdi. Nafaqat talabalar, professor-o‘qituvchilar ham jahon andozalari darajasida jihozlangan auditoriyalarda dasr o‘tish imkoniga ega bo‘lishmoqda. Xususan, universitetning ta’lim, ilmiy va ma’muriy faoliyatini avtomatlashtirish maqsadida “e-Universitet”  axborot tizimining  15 ta komponentdan iborat tarkibiy tuzilmasi ishlab chiqildi va shundan 8 tasi dasturiy platforma  ko‘rinishida ishlab chiqilib, universitet  amaliyotida sinovdan o‘tkazildi.  

Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2019-2020 o‘quv yili uchun barcha yo‘nalishlarda rejalar puxta tuzib olindi. Erishayotgan yutuqlarimiz bilan cheklanib qolmasdan, universitet ilmiy salohiyatini mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish, turdosh hamda xorij oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni kengaytirish, akademik ilm-fanni yanada rivojlantirish,  iqtidorli talaba-yoshlarni ertaroq aniqlab ilmiy faoliyatga jalb etish kabi masalalar oldimizda turgan aniq maqsadlardir.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dunyoning har qanday ta’lim muassasasi bilan raqobatlasha olish imkoni va salohiyatiga ega bo‘lgan otaxon oliygohlarimizdan. Bunday jamoa bilan  bugungidan-da yuqori marralarga erishish qiyin bo‘lmaydi, nazarimda.

         O‘qituvchi va murabbiylar kuni yana bir bor barchangizga muborak bo‘lsin.

Aziz hamkasblar, hurmatli ustozlar! Sizlarga oilaviy xotirjamlik va sog‘lik-salomatlik, kasbiy va ilmiy faoliyatingizga zafarlar  tilayman. Yurtimiz tinch, farzandlarimiz omon, mustaqilligimiz abadiy  bo‘lsin!   

 

                                                                     SHAVKAT SHARIPOV,

                                                                     Universitet rektori