Universitet xalqaro EMI loyihasining milliy hamkoridir

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti o‘z xalqaro reytingini oshirish yo‘lida bir qator ijobiy tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitish tizimini sifatli yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan harakat ana shunday tadbirlardan muhimi bo‘lib, yaqinda universitetimiz jamoasining bu borada qo‘lga kiritgan muvaffaqiyati diqqatga sazovordir.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan Britaniya Kengashi hamkorligidagi 3 yilga mo‘ljallangan yangi EMI (English as a medium of instruction) loyihasi, ya’ni mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitishni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro loyiha uchun o‘tkazilgan tanlovda universitetimiz jamoasi 13 ta g‘olib OTM lar qatoridan o‘rin olishga muvaffaq bo‘ldi.   

O‘quv – uslubiy boshqarma boshlig‘i G. Abdilakimov, Xorijiy tillar – 1 kafedrasi mudiri Sh. Raximova, shu kafedraning katta o‘qituvchisi D. Po‘latova va boshqa bir qator xorijiy yetakchi OTM larda tahsil olgan yuqori malakali professor – o‘qituvchilardan tashkil topgan jamoa 2019-yilning 3-oktyabr kuni Toshkentda loyiha doirasida Buyuk Britaniyalik hamkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ilk uchrashuvda faol qatnashdi. Navbatdagi bosqich 14-15 oktyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan bo‘lib, unda jamoa a’zolari Buyuk Britaniyalik xalqaro darajada tan olingan ekspertlar tomonidan tashkil qilinadigan trening mashg‘ulotlarida ishtirok etadilar.

 Umid qilamizki, universitetimiz jamoasining bunday nufuzli loyihada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritganligi mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitish tizimini xalqaro darajada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.