TILINI ASRAGAN ELINI ASRAYDI

Mamlakatimizda “Davlat tili to‘g‘risida” gi Qonun qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar zo‘r ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.

Shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri 17-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari bosh boshqarmasi 7534-harbiy qismida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda universitetimizning o‘zbek, qozoq tili va adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi A.Mirazizov o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan tilimizning nufuzi tobora ortib borayotgani, bu borada davlat miqyosida katta ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan notiq ayrim yurtdoshlarimiz hali-hamon o‘z nutqida til qoidalarini buzib kelayotgani, eng achinarlisi, bu kabi holatlarga ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgani haqida gapirdi. Bugungi kunda nutqimizda ko‘p uchraydigan xatoliklar va ularning sabablarini yoritishga harakat qildi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi yurtimizda yashaydigan boshqa millat tillarini kamsitishga yo‘l qo‘ymasligi, yurtimizda barcha tillar birdek rivojlanishi uchun imkoniyatlar yaratilganiga urg‘u berdi.

Tilimizga turli chet so‘zlar kirib kelayotgan, o‘zbekona nutq tuzish qoidalari xorijiy tillar ta’sirida qo‘pol buzilayotgan bir vaqtda tilimiz chindan-da himoyaga muhtoj bo‘lib qolayotganini ta’kidlab, A.Mirazizov tadbirga munosib nom bergan mutasaddilarga minnatdorchilik bildirdi.

Tadbir o‘zaro muloqot shaklida o‘tib, unda qatnashgan harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

“O‘zbekiston” nashriyoti muharriri, shoir Mansur Jumayev o‘z she’rlari bilan tadbirga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.