“Kitob bu- qalblarni yoritguvchi chiroq”

2019-yil 16-oktyabr kuni «Kitob bu- qalblarni yoritguvchi chiroq» mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Inson tafakkurining chinakam mo‘jizalaridan biri, shubhasiz, kitobdir. Kitob insonning tafakkurini boyitadi, dunyoqarashini kengaytiradi, hayotni tushunishda ko‘zgu bo‘lib xizmat kiladi. Uning barchamiz uchun qadrli ekanligi ham mana shu mezonlar bilan o‘lchanadi. 2019-yil 16-oktyabr kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Maxsus pedagogika fakulteti va Respublika ilmiy pedagogika kutubxonasi hamkorligida “Adabiyot va madaniyat oyligi” doirasida «Kitob bu- qalblarni yoritguvchi chiroq» mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.

         Tadbirni  Maxsus pedagogika fakulteti dekani Mamatqulov Doniyor Anvarovich ochib berdi. D.A.Mamatqulov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12- yanvarda qabul qilingan F- 4789 sonli «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot kilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishining mazmun mohiyatini va ushbu tashkil etilgan tadbirni 5 ta muhim tashabbusga asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi. Shu o‘rinda Respublika ilmiy pedagogika kutubxonasi tomonidan yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida 200 ga yaqin ilmiy va sohaga oid kitoblarni elektron shaklda taqdim etganliklari uchun ularga alohida minnatdorchilik bildirdi.

         Tadbirga tashrif buyurgan Respublika ilmiy pedagogika kutubxona ilmiy bibliografiya bo‘limi mudirasi Dilmurodova Muyassar Abduraximova, Respublika ilmiy pedagogika kutubxona direktor o‘rinbosari Ratner Raisa Ilinichna, «Yosh kitobxon – 2018» Respublika tanlovi g‘olibasi TDPU Tarix fakulteti talabasi Xolbayeva Shoxsanam hamda fakultetning Oligofrenopedagogika kafedrasi professori Po‘latova Parida Muhiddinovnalar so‘zga chiqib, yoshlar tarbiyasida kitob mutolaasining ahamiyati, kitobning qudrati, mo‘jizasi haqida, shuningdek, kitob-insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undashini ta’kidlab o‘tishdi.

Universitetimizda talabalarning ilmiy salohiyatini oshirish, kitobga bo‘lgan mehr-muhabbatni shakllantirish maqsadida kutubxonalarda yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy texnologiyalar asosida shakllantirilgan elektron kitob jovonlarida badiiy, ilmiy va sohaga oid turli kitoblar mujassamdir. Zero, kitob bilim manbaidir. U insonni har qanday qabih ishdan, qabih niyatdan asraydi. Kitob o‘qigan inson o‘tmishidan boxabar bo‘ladi va kelajakka teran nigoh bilan qaraydi.

         Tadbir so‘ngida fakultetning bir guruh iqtidorli talabalari o‘z badiiy chiqishlarini namoyish qilishdi.

                   Agar yolg‘iz ersang, hamdam kitobdir,

         Bilim subhidagi nur ham kitobdir.

                                                Abdurahmon Jomiy