NIZOMIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETIDA IKKINCHI MUTAXASSISLIKKA HUJJATLAR QABULI BO‘LIB O’TMOQDA.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida Vazirlar Mahkamasining 24.09.2021 yildagi 606-son qarori. https://www.lex.uz/docs/-5657199
Ikkinchi va undan keyingi ta’lim bo’yicha o’qishga kirish uchun onlayn qabul
2023/2024-oʻquv yilida ikkinchi va undan keyingi taʼlim (ikkinchi mutaxassislik) uchun talabgorlardan hujjat qabul qilish Yagona taʼlim xizmatlari portali
my.edu.uz (https://my.edu.uz/) orqali joriy yilning 10-avgust kuniga qadar onlayn shaklda amalga oshiriladi.▪️
Bunda nomzodlar platformada:
➖oʻzining pasport maʼlumotlari, JSHSHIR maʼlumoti haqida axborotlarni kiritadi;
➖diplom va uning ilovasining elektron nusxasini yuklaydi;
➖hamda oʻqish istagini bildirgan oliy taʼlim muassasasi va taʼlim yoʻnalishini tanlaydilar.
Ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot boʻyicha oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
KOʻPCHILIKNI QIZIQTIRGAN SAVOLLAR BOʻYICHA MA’LUMOTLAR:
• Kimlar ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot uchun ariza topshirishlari mumkin?
Javob: “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasiga muvofiq fuqarolar shartnoma asosida ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni olish huquqiga egadirlar. Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan bakalavr (diplomli mutaxassis) darajasiga ega shaxslar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olishlari mumkin.
• Xorijiy oliy ta’lim muassasini bitirganlar ham topshirsa boʻladimi?
Javob: Ha. TOP 1000 talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilari toʻgʻridan-toʻgʻri, TOP 1000 talikka kirmagan xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarining 1992-yil 1-yanvardan keyin berilgan diplomlari belgilangan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim.
• O’qish muddati qancha?
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentyabrdagi “O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 606-son Qaroriga asosan o‘qish davomiyligi tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining ta’lim shakli (kunduzgi, sirtqi yoki kechki) uchun belgilangan muddatdan bir yilga kam etib belgilanadi. Ya’ni, kunduzgi ta’lim shakli uchun – 3 yil, kechki ta’lim shakli uchun – 3,5 yil, sirtqi ta’lim shakli uchun – 4 yil etib belgilanadi. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o‘qish o‘quv rejalaridagi fanlar farqidan qat’iy nazar, 2-kursdan boshlanadi.
• Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish tartibi qanday?
Javob: Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish tartibi (kirish imtihoni shakli, baholash mezonlari, imtihon o‘tkazish muddatlari) oliy ta’lim muassasasining xususiyatidan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi Kengashi tomonidan belgilanadi.
• Ikkinchi ta’limga hujjat topshirganlarning natijasi qachon e’lon qilinadi?
Javob: Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish natijalari har yili 30-avgustga qadar oliy ta’lim muassasalari tomonidan e’lon qilinadi.
• Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda to’lov-kontrakt miqdori qancha?
Javob: Ikkinchi va undan keyingi ta’limda o‘qish uchun talabalikka tavsiya etilgan shaxslar bilan oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida shartnoma rasmiylashtiriladi. Shartnomalar yuridik shaxslar uchun 3 nusxada, jismoniy shaxslar uchun 2 nusxada rasmiylashtiriladi. Oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari xususiyatidan kelib chiqib, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim uchun to‘lov-kontrakt miqdori bir talabani o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar miqdoridan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilanadi.