Boshlang`ich ta`lim

Fakultet Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida 1935-yilda Pedagogika nomi bilan tashkil etilgan. 1957-yildan Pedagogika fakulteti boshlang‘ich sinf о‘qituvchilarini tayyorlay boshladi.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining “Boshlang‘ich ta’lim” fakulteti 80 yildan ziyod shonli davrni bosib o‘tdi va kelgusida ham o‘zining faoliyatini diqqatga sazovor muvaffaqiyatlar bilan davom ettirishga tayyor.


1936-1937 o‘quv yilidan boshlab fakultet “Pedagogika bo‘limi” nomi ostida pedagogika instituti (hozirgi universitet) bilan bir paytda o‘z faoliyatini boshlagan. Taniqli psixolog, o‘quv-tarbiya jarayonining mohir tashkilotchisi Platon Ivanovich Ivanov fakultetning ilk dekani sifatida qizg‘in faoliyat ko‘rsatgan. Dastlabki yillarda fakultetga xalq ta’limi tizimi uchun  pedagogika va psixologiya o‘qituvchilari, metodistlar, maktabgacha tarbiya tashkilotlarining tarbiyachilarini yetishtirib berish vazifalari yuklatilgan.


Fakultetda taniqli olimlar: K.D. Dadayev, Sh.Boyburova,  K.E. Bendrikov, V.F. Lubensov, V.N. Moroz, N.A. Konstantinovlar o‘quv-tarbiya jarayonini olib borganlar. 1957-yildan fakultetda respublikada ilk bor boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini tayyorlash ishi yo‘lga qo‘yildi.


1959-yilda fakultet “Pedagogika va boshlang‘ich ta’lim metodikasi” deb nomlandi. Unda N.V. Zubairova, I.Husanxodjayeva, A.T. To‘rayeva,
M.U. Umarov, A.G. Azizova K.K. Qosimova kabi olimlar faoliyat yuritishdi.


1981-1990-yillar davomida fakultet iqtidorli yosh olimlar hisobiga kengaydi hamda ta’lim berish sifat va samaradorligi oshdi. Bu yillarda o‘z fanini chuqur biladigan, tinmay izlanishda bo‘lgan T.Tasetov, D.Muhamedova, T.Umarova, T.A’zamov, X.G‘ulomova, Z.Ibragimova, D.Shodmonqulova, M.Hamrayev, Sh.Yo‘ldosheva, M.Jumayev, M.Qodirov, M.M.Barakayev M.Maqsudova, O.Rahimovlar faoliyat ko‘rsatganlar.


Fakultet turli davrlarda “Boshlang‘ich ta’lim va defektologiya”, “Pedagogika va boshlang‘ich ta’lim metodikasi”, “Boshlang‘ich ta’lim va jismoniy madaniyat”, “Boshlang‘ich ta’lim” deb  nomlanib kelindi.


 Fakultetga 1975-1983-yillarda p.f.d., professor Rahima Abdurazzoqovna Mavlonova, 1984-1985-yillarda p.f.n., dotsent S.N. Nurmatov, 1986-1994 yillarda f.f.n., dotsent Sirojiya Valiyeva, 1994-1998-yillarda p.f.n., dotsent Rustam Qobilov, 1998-1999-yillarda p.f.n., dotsent Lola Rahimovna Mo‘minova, 1999-2006-yillarda p.f.d., professor Mamat Eshqulovich Haydarov, 2006-2007-yillarda p.f.n., dotsent Laylo Sharapovna Nurmuhamedova, 2007-2014-yillarda f.f.n., professor Dilorom Xoliqovna Shodmonqulova, 2014-2016-yillarda p.f.d., professor Barno Sayfutdinovna Abdullayeva, 2016-2017-yillarda p.f.n., dotsent Albina Venerovna Sadikova, 2017-2019-yillarda p.f.d. Abdumalik Abdumutalovich Akramov, 2019-2020 yillarda p.f.d. Kadirov Xayot Sharipovich dekan lavozimida faoliyat olib borishdi.


 2020-yildan hozirgi vaqtga qadar fakultetga pedagogika fanlari doktori, professor Sh.A. Abdullayeva rahbarlik qilmoqda.


“Boshlang‘ich ta’lim” fakulteti ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan, o‘z ustida tinimsiz mehnat qiladigan jamoa. Fakultetda 5111700- “Boshlang‘ich ta’lim” hamda 5112000-“Jismoniy madaniyat” ta’lim yo‘nalishlarida jami 1971 nafar talaba tahsil olishadi. Ularga 100 dan ziyod ilmiy salohiyatli, jonkuyar ustozlar murabbiylik qilishadi.


Fakultet respublikamizning boshlang‘ich ta’lim tizimi uchun yuksak salohiyatli, malakali kadrlarni tayyorlashda yetakchilik qilib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-pedagogik rivojlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Ayniqsa, respublikamizda boshlang‘ich ta’lim sohasi uchun zarur bo‘lgan adabiyotlar, me’yoriy hujjatlarni shakllantirish, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining mahoratini oshirish, ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirishda turdosh oliygohlarning fakutetlari uchun tayanch fakultet vazifasini o‘tamoqda.