Tillar fakulteti

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining “Tillar” fakulteti 80 yildan ziyod shonli davrni bosib o‘tdi va kelgusida ham o‘zining faoliyatini diqqatga sazovor muvaffaqiyatlar bilan davom ettirishga tayyor.

“TILLAR” FAKULTETINING TARIXI


Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining “Tillar” fakulteti 80 yildan ziyod shonli davrni bosib o‘tdi va kelgusida ham o‘zining faoliyatini diqqatga sazovor muvaffaqiyatlar bilan davom ettirishga tayyor.


1935-yildan boshlab fakultet “Filologiya” nomi ostida pedagogika instituti (hozirgi universitet) bilan bir paytda o‘z faoliyatini boshlagan. Dastlabki yillarda fakultetga xalq ta’limi tizimi uchun  o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari, metodistlar yetishtirib berish vazifalari yuklatilgan.


1940- yilda fakultet Rus filologiyasi nomi bilan respublika va qo‘shni mamlakatlar uchun rus tili va adabiyoti o‘qituvchilarini tayyorladi.Tarixga nazar tashlasak, fakultet turli yillarda Rus  va tatar filologiyasi(1940-1989 yy.), Rus va koreys filologiyasi(1989-2010 yy.), Rus tili va adabiyoti fakulteti(2010-2022 yy.)  nomlari bilan faoliyat olib bordi. Unda filologiya fanlari doktorlari, professorlar-D.Ya. Vifleemskiy, V.I.Makov, L.D. Usmanov, G.Sh. Abdullaeva, N.M.Mirkurbanov; dotsentlar- L.N.Lavrenteva, Ye.I. Podlipskaya, S.G. Gafurdjanov,  N.A.Chekulinalar faoliyat olib borishdi.


1953- yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi universitet)ning tarix va filologiya fakulteti qoshida Qozoq tili va adabiyoti bo‘limi ochildi.


 1972 -1980 yillarda unda filologiya fanlari doktorlari, professorlar T.Aydarov, T.Qaldiboev, Q.Sattorov, M.Bekbergenov; fan nomzodlari, dotsentlar- N.Bazarboev, Q.Seydanov, Q.Jidebaevlar faoliyat olib bordilar.  2005 yildan Qozoq tili va adabiyoti kafedrasini p.f.n., dotsent E.Abduvalitov boshqarib kelmoqda.


Yuqorida nomi keltirilgan fakultet bilan parallel ravishda universitetda 1968-2016 yillarda “O‘zbek tili va adabiyoti” fakulteti faoliyat yuritdi. Uning tarkibidagi kafedralarda respublikamiz va turkiy filologiyaning mashhur olimlari: Olim Sharafiddinov, Maqsud Shayxzoda, O‘tkir Rashid, G‘ani Abdurahmonov, Mazluma Asqarova, Natan Mallayev, Said Usmonov, Hamid Sulaymon, Azim Shermatov, To‘xta Boboyevlar faoliyat yuritgan.


O‘zbekiston shuhratini dunyoga tanitgan yozuvchilar, shoirlar, dramaturglar, olimlar, jurnalistlar ham shu fakultetda tahsil olishgan. Ular orasida davlat va respublika mukofoti sovrindorlari- Hamid G‘ulom, Shuhrat, Mamarasul Boboev, Mirmuhsin, Shukrullo, Zulfiya, Po‘lat Mo‘min, Vosit Sa'dulla, Zafar Diyor, Said Ahmad, Hakim Nazir, Turob To‘la, O‘ktam Usmonov, Xayriddin Saloh, Yusuf Shomansur, Nizom Komil singari 40 dan ziyod yozuvchi va shoirlar mavjud.


“O‘zbek tili va adabiyoti” fakultetining sobiq talabalari, aspirant va doktorantlari orasidan mamlakatimizga tanilgan tilshunos va adabiyotshunos olimlar, metodistlar yetishib chiqqan. Ular qatorida akademiklar- Shonazar Shoabdurahmonov, Mazluma Asqarova; O‘zbekiston Respublikasi fan arboblari, filologiya fanlari doktorlari, professorlar: Maqsud Shayxzoda,  Said Usmonov, M.Mirtojiev,   Natan Mallayev, Pirmat Shermuhamedov,  I.Rasulov, Ayyub G‘ulomov, A.Mahmudov,  Olim Usmonov, Asil Rashidov,  X.Nazarova, Samixon Ashirboev,  Safo Matjonov, Qurdosh Qahramonovlar bor.


2021-2022 o‘quv yilida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tarkibiy tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritilganligi sababli fakultet Tillar fakulteti nomi bilan faoliyat yurita boshladi. Uning tarkibiga O‘zbek tili va adabiyoti, Rus tili va uni o‘qitish metodikasi, Rus adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi, Qozoq tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi, Umumiy tilshunoslik kafedralari birlashtirildi.


Fakultet respublikamizning ta’lim tizimi uchun yuksak salohiyatli, malakali kadrlarni tayyorlashda yetakchilik qilib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-pedagogik rivojlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Ayniqsa, respublikamizda ta’lim sohasi uchun zarur bo‘lgan adabiyotlar, me’yoriy hujjatlarni shakllantirish, o‘zbek, rus, qozoq tillari o‘qituvchilarining mahoratini oshirish, ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirishda turdosh oliygohlarning fakutetlari uchun tayanch fakultet vazifasini o‘tamoqda.

-
ruslit@tdpu.uz