Oliy ta’limda korrupsiya: Bosh prokuror achinarli faktlarni ma’lum qildi

Jumladan, korrupsiya holatlari, asosan, talabalik safiga qabul qilish, o‘qish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning o‘qish joyini ko‘chirish, o‘qish yo‘nalishini o‘zgartirish hamda o‘qishga qayta tiklashda korrupsiya holatlari kuzatilayotganligi ko‘rsatildi.

18 yanvar kuni Bosh prokuraturada Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish ahvoli va qonuniylikni ta’minlashga doir masalalar muhokama qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvohidov, Prezident maslahatchisining o‘rinbosari U.Ismailov, Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov qatnashdi.

Oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amaliy ishlar oqsayotganligi, tizimdagi ayrim rahbarlar bu illatdan qutula olmayotganligi yig‘ilishda tanqidiy muhokama etildi.

Bosh prokuror o‘z ma’ruzasida, oliy ta’lim sohasida korrupsiya tarqalgan yo‘nalishlarni sanab o‘tdi.

Jumladan, korrupsiya holatlari, asosan, talabalik safiga qabul qilish, o‘qish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning o‘qish joyini ko‘chirish, o‘qish yo‘nalishini o‘zgartirish hamda o‘qishga qayta tiklashda korrupsiya holatlari kuzatilayotganligi ko‘rsatildi.

Yig‘ilishda so‘nggi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim ta’lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganligi, ularning 220 nafari kollej va litseylarga, 106 nafari oliy o‘quv yurtlariga to‘g‘ri kelishi tanqid ostiga olindi.

Institut va universitetlarning jinoyat sodir etgan xodimlaridan 3 nafarini rektorlar, 5 nafarini prorektorlar, 15 nafarini dekan va dekan orinbosarlari, 62 nafarini oqituvchilar tashkil etadi.

Kollej va litseylarda esa, 34 nafar direktor, 31 nafar direktor o‘rinbosari, 94 nafar o‘qituvchi jinoyatga qo‘l urgan.

Sohada korrupsiyaning oldini olish va unga chek qo‘yish borasidagi choralar yetarli samara bermayotganligini keng jamoatchilik fikri tasdiqlamoqda.

2018 yilda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik Markazi o‘tkazgan so‘rovda ishtirok etganlarning 29 foizi oliy ta’lim tizimida korrupsiya keng tarqalgan degan fikrni bildirgan bo‘lsa, 2019 yilda bu salbiyko‘rsatkich 35 foizni tashkil etgan.

O‘tgan yilning avgust oyida Internet orqali o‘tkazilgan so‘rovda Yuridik, Iqtisodiyot, Milliy, Axborot texnologiyalari universitetlari hamda Tibbiyot akademiyasi korrupsiya eng ko‘p tarqalgan oliy o‘quv yurtlari sifatida ko‘rsatilgan.

Komissiya raisi talabalik safiga qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Jumladan, o‘qishga kiritish vaji bilan 115 nafar, jumladan, 58 nafar oliy va 57 nafar o‘rta maxsus ta’lim xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Masalan, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘qituvchisi K. fuqaro D.ni institutning buxgalteriya fakulteti sirtqi yo‘nalishiga o‘qishga kiritish uchun 10 ming AQSh dollari olganda ushlangan.

Qarshi davlat universitetining prorektori N. maxsus sirtqi bo‘limga kirish imtihonlaridan o‘ta olmagan O.ni o‘qishga kirishida yordam berish vaji bilan 3 ming AQSh dollari olgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Ijodiy imtihon jarayonlari xolis va adolat bilan o‘tkazilmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Xususan, Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi S., qabul komissiya a’zosi ekanligidan foydalanib, fuqaro A.ni ijodiy imtihondan yuqori ball olishida yordam berish evaziga 6 ming AQSh dollari olganda ushlangan.

So‘nggi ikki yilda 21 nafar talabaning bunday jinoyatlarga aralashib javobgarlikka tortilganligi tizimdagi korrupsiya oqibati sifatida keskin tanqidga olindi.

Magistratura yo‘nalishida yo‘l qo‘yilgan ayrim suiiste’molchilik holatlari keskin tanqid qilindi.

O‘zbekiston Milliy universitetida dekan lavozimida ishlagan A. va o‘rinbosari Yu. fuqaro R.ni magistratura yo‘nalishiga kiritish evaziga undan 2 ming AQSh dollari olganligi uchun unga nisbatan sud hukmi bilan jazo tayinlangan.

Nukus davlat pedagogika instituti sobiq rektori va prorektori magistratura bosqichiga sinovdan o‘tgan 55 nafar talabgorning imtihon natijalarini soxtalashtirgan. Mazkur holat bo‘yicha aybdor shaxslarning jinoiy javobgarlik masalasi hal qilingan.

Talabalar o‘qish joyini ko‘chirish, o‘qish yo‘nalishini o‘zgartirish hamda o‘qishga qayta tiklashda korrupsiyaga duch kelayotganligi, bunga oliy o‘quv yurti va vazirlik ayrim mutsasaddilari bosh qo‘shganligi keskin tanqid ostiga olindi.

Muqaddam oliy ta’lim sohasida ishlab, ta’lim bilan bog‘liq poraxo‘rlik va firibgarlik jinoyatlari uchun 4 marotaba sudlangan U. Oliy ta’lim vazirligida mas’ul lavozimda ishlab, ta’lim bilan bog‘liq qator jinoyatlarga qo‘l urgan.

Jumladan, U. Rossiya va Ukraina tibbiyot oliygohlarida ta’lim olayotgan ikki nafar talabaning o‘qishini Toshkentdagi oliygohlarga ko‘chirish uchun 4 ming AQSh dollari olganligi fosh etilgan. Bundan tashqari, tergovda, U. yana 6 ta holatda o‘qishga kiritish, talabalarning o‘qishini tiklash va ko‘chirish masalasini hal qilishga va’da berib, 14 ming AQSh dollarini pora tariqasida olganligi aniqlangan.

Yig‘ilishda komissiya raisi, korrupsiya holatlariga ta’lim jarayonlarning ochiq va shaffof tashkil etilmaganligi sabab bo‘lganligini ko‘rsatib, bundan sohadagi har bir rahbar xodim o‘ziga tegishli xulosa chiqarishi lozimligini ta’kidladi.

Oliy ta’lim muassasalari ilmiy — tadqiqot faoliyatidagi kamchilik va nuqsonlar ham yig‘ilish a’zolari tomonidan muhokama etilib, ilmiy daraja berish tartib — taomillaridagi murakkabliklar, o‘rinsiz talab va korrupsiyaviy omillar ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatayotganligi qayd etildi.

Byudjet mablag‘larini sarflash jarayonidagi talon-torojliklar sohadagi asosiy korrupsiyaviy omillardan biri bo‘lib qolayotganligi, o‘tgan yilda Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan tekshirilgan 1.107 ta vazirlik muassasalarining 1.035 tasi yoki 93 foizida 16,7 mlrd. so‘mlik moliyaviy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Oliy ta’lim sohasida yo‘l qo‘yilgan korrupsiya holatlarining asosiy sabablaridan biri — ijro intizomi, yuridik xizmat faoliyati yetarli yo‘lga qo‘yilmagani, deb ko‘rsatdi komissiya raisi.

Ma’ruza yakunida Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev, oliy ta’lim masalasiga e’tiborsiz qaralgan vaziyatlarda yuzaga keladigan mudhish oqibatlar haqida so‘z yuritib, Janubiy Afrika Respublikasi Stellenboss universiteti peshtoqiga yozib qo‘yilgan quyidagi iborani iqtibos sifatida keltirdi.

“Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq masofali raketa shart emas. Buning uchun ta’lim sifatini tushirib, imtihonlarga aldov aralashtirishning o‘zi kifoyadir.

Bu tarzda ta’lim olgan shifokorlar qo‘lidan bemorlar o‘lim topadi, quruvchilar qurgan uy va binolar vayron bo‘ladi, iqtisodchi va hisobchilar qo‘lida moliyaviy resurslar sovuriladi, adolat ham shunday huquqshunos va sudyalar qo‘lida zavol topadi.

Ta’limning inqirozi – bu millat inqirozidir”.

Komissiya yig‘ilishi qizg‘in muhokamalar bilan kechdi. So‘zga chiqqan Prezidentning maslahatchisi A.Abduvaxitov, Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov, Sudyalar Oliy Kengashi raisi U.Mingboev, Qonunchilik palatasi deputatlari D.Aripov, Sh.Bafaev, Senat a’zolari B.Matmuratov, Z.Nizomxodjaev, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi direktori R.Kamilov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov, Adliya vaziri o‘rinbosari X.Meliev, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sh.Qudratxodjaev, Respublika Oliy ta’lim Kengashi raisi O‘.Umurzakovlar oliy ta’lim sohasida korrupsiyani oldini olish bo‘yicha vazifalar borasida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Madjidov, vazir o‘rinbosari U.Begimqulov, vazirlik bosh boshqarma boshlig‘i A.Xoliqov, Farg‘ona davlat universiteti rektori R.Maksudov, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti rektori A.Riskulov, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori vazifasini bajaruvchi B.Onorboev, Yuridik universitet rektori R.Hakimov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori K.Sharipov, Farmasevtika instituti rektori I.Alimdjanov, Stomatologiya instituti prorektori A.Xaydarovlarning tushuntirish va izohlari eshitildi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha oliy ta’lim sohasini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish, qonun buzilishi va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.