Oliy ta'lim vaziri o'rinbosari TDPU talabalar turar joyiga tashrif buyurdi

Amaldorlarning eng yaxshisi bu - xalqqa yaqinidir deyilgan hikmat bejizga aytilmagan. Bugun davlatimiz rahbari olib borayotgan siyosatining mazmun-mohiyatini ham ana shu xislatga ega insonlarning munosib rahbarlik lavozimlarini egallashida ko'rishimiz mumkin. 

Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri o'rinbosari Yusuf Qodirovich Absoatov mana shunday rahbarlardan biri. U bevosita sohaning maqsadi va asosi bo'lmish talabalarga, tolibi-ilmlarga tomirdosh bo'lishga, ularning muammolarini o'z muammolari deb bilishga intilib kelmoqda. 

Kuni kecha Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining poytaxtimiz Muqimiy ko'chasi 96-uyda joylashgan 5-sonli talabalar turar joyiga Yusuf Absoatov va TDPU rektori Alisher Umarov tashrif buyurdi. Tashrif davomida vazir o'rinbosari va rektor tomonidan talabalar turar joyida talabalarga yaratilgan imkoniyatlar, ularni qiynayotgan muammolar, takliflar va ularning kayfiyatlari o'rganildi. 

Talaba-yoshlar bilan bevosita, samimiy muloqot olib borgan Yusuf Absoatov talabalarning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Oxirgi vaqtlarda imkon darajasida ko'proq talabalarni turar joylar bilan ta'minlash maqsadida TTJga o'rnatilgan ikki qavatli yotoq joylarida yoshlarimiz qanday yashayotganligi masalalari o'rganildi. 

Universitet rektori Alisher Umarov yoshlar bilan o'tkazgan suhbati davomida ular tomonidan bildirilgan har bir takliflar albatta o'rganib chiqilishi va amaliyotga joriy etilishini aytib o'tdi.

Vazir o'rinbosari shuningdek, TTJda joylashgan sportzal, oshxona, yuvinish xonalari, dam olish, kompyuter va kutubxonalar faoliyatini atroflicha o'rgandi. Yoshlarimizning maishiy yashash sharoitlarini o'rganib, o'zi uchun xulosa va tahlillar qilgan vazir o'rinbosarining navbatdagi ishi talabalar bilan ochiq muloqot qilish va ularning kayfiyatlarini o'rganishdan iborat bo'ldi. 

Universitet iqtidorli yoshlaridan biri Fizika-matematika fakulteti 3-kurs talabasi Lazizbek Umarov, Yusuf Absoatov va talabalar suhbat uyushtirayotgan davrada gitara musiqa asbobi yordamida ajoyib kuy ijro etib, universitet talabalari ham bilimda, ham qo'shimcha qobiliyatlar bobida ilg'or ekanliklarini ko'rsatdi. 

Uchrashuv xushkayfiyatda o'z nihoyasiga yetishiga "arm-wrestling" qo'l kurashi sport turi bo'yicha talabalar bilan vazir o'rinbosari o'rtasida uyushtirilgan musobaqa sabab bo'ldi. Musobaqada vazir o'rinbosaridan ustun kelgan talabalarga Yusuf Absoatov kitoblar sovg'a qildi. 

Talabalar hayoti, fikrlari va takliflarini noodatiy, do'stona va samimiy tarzda o'rganib, o'z yordamini ayamagan Yusuf Absoatovning ushbu tashrifi talaba-yoshlar kayfiyatining yanada ko'tarinki bo'lishini ta'minladi. Albatta bu ko'tarinkilik ularning ta'lim olishlarida va oldilariga qo'ygan ezgu maqsadlariga ildam intilishlarida kuch-g'ayrat baxsh etadi. 

Universitet va talabalarga yaqindan yordam qo'lini cho'zib kelayotgan Yusuf Qodirovich Absoatovga ta'lim dargohi jamoasi nomidan samimiy minnatdorchilik bildiramiz.