Oliy taʼlim vaziri nomidan TTJda yashovchi talabalarga sovgʻalar topshirildi

Mamlakatimiz rahbari ma'sullarga oliy ta'lim muassasalari talabalarining, ayniqsa uzoqdan kelib ta'lim olayotgan yoshlarning o'quv va ayniqsa yashash sharoitlarini yaxshilash bo'yicha bir qancha ko'rsatma va topshiriqlar bergan edilar. Bugun ushbu topshiriqlar asosida butun respublika miqyosida ulkan hajmdagi talabalar turar joylari qurilish ishlari boshlab yuborildi. 

Shuningdek, mavjud TTJlardagi yashash sharoitlarini yaxshilash bo'yicha, ko'proq yoshlarimizni arzon turar joylar bilan ta'minlash uchun TTJlarga ikki qavatlik yotoq joylari o'rnatildi, maishiy va texnik vositalar yangilanmoqda. 

Bugungi kunda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida 6 ta talabalar turar joyi mavjud. Umumiy hisobda ushbu TTJlarda 1200 taga yaqin o'rin mavjud bo'lgan bo'lsa, bugun ikki qavatli yotoq joylar sabab ushbu o'rinlar soni 1600 ga yetdi. 

Talabalarga yaratilgan yuqoridagi imkoniyatlar sabab bugun TTJlarda istiqomat qilayotgan talaba-yoshlarimiz soni ortdi. Bu esa o'z-o'zidan ularga kerakli maishiy va texnik vositalarga bo'lgan talabni oshirdi. 

Kuni kecha yuqoridagi sabablarni hisobga olgan holda Yusuv Absoatov boshchiligidagi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi vakillari va TDPU rektori Alisher Umarov rahbarlik qilayotgan ta'lim dargohi hamkorligida universitet TTJlariga 60 ta xolodilnik, 20 ta kir yuvish mashinasi va 40 ta dazmol sovg'a qilindi. 

Bunday sovg'alardan yuzlariga tabassum yugurgan talaba-yoshlarning xursandchiliklari bayram tadbiriga aylanib ketdi. Talabalar uchun vazir o'rinbosari va universitet rektori bilan bir davrada bayram dasturxoni yozildi. Talabalar bilan do'stona suhbat qurildi, ularning fikrlari tinglandi.

Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamisha Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan yelkadosh bo'lib, ta'lim dargohi va talabalarga doimo yordam qo'lini cho'zib kelayotganligi universitet jamoasi va yoshlarga katta kuch bermoqda. Albatta bunday e'tibor va sayi-harakatlar uchun vazirlik jamoasi va universitet rahbariyatiga rahmat aytib qolamiz.