Pedagogika universitetida “Kelajaging uchun ovoz ber!” forumi tashkil etildi

Maʼlumki joriy yilning 24-oktyabr kuni mamlakatmizda muhim siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovlar boʻlib oʻtadi. Bugungi kunda ushbu jarayonlarga qizgʻin tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. 

Bu yil boʻlib oʻtadigan saylovlarda viloyatlardan Toshkent shahriga kelib tahsil olayotgan talabalarning poytaxtda ovoz berishi tashkillashtiriladi. Poytaxtimizdagi barcha oliy taʼlim muassasalaridagi Talabalar turar joylari va ijarada yashovchi talabalarning roʻyxatlari shakllantirilib, saylov uchastkalariga biriktirilgan. Ovoz berishni tashkillashtirish boʻyicha OTMlar masʼullari tomonidan talaba yoshlarga tushuntirishlar berib kelinmoqda.

Bugun Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Kelajaging uchun ovoz ber!” shiori ostida yoshlar forumi tashkil etildi. Forumda universitet rektori Alisher Umarov, targʻibot guruhi aʼzolari J.Boboyev, saylovda birinchi marta ishtirok etayotgan talabalar hamda uzoq hududdan kelib tahsil olayotgan, poytaxtda ovoz beruvchi yoshlar ishtirok etishdi. Tadbir davomida huquqiy savodxonlikni oshirish va siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishga qaratilgan “Targʻibot poyezdi” loyihasining targʻibotchilari universitet talabalariga saylov qonunchiligi boʻyicha tushunchalar berishdi. Bunda saylov tizimining bugungi kundagi ahamiyati, saylov yangiliklari, unga kiritilgan oʻzgarishlar, Saylov kodeksining mazmun mohiyati boʻyicha axborotlar berildi.

Soʻngra talabalar uchun Ziyo Forum fondi bilan hamkorlikda saylov qonunchiligiga bagʻishlangan viktorinalar, savol-javoblar tashkil etilib, gʻoliblar taqdirlandilar.

Forum davomida talabalar oʻzlari biriktirilgan saylov uchastkalari va ovoz berish jarayonlari boʻyicha maʼlumotlarga ega boʻldilar. Forum yakunida talabalar uchun konsert dasturi uyushtirilib, barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashildi.