Ilmiy va innovatsion ishlar samaradorligi oshib bormoqda

Soʻnggi ikki yil davomida universitetda olib borilgan strategik islohotlar natijasida taʼlim-tarbiya tizimini yangi bosqichga koʻtarish, pedagog kadrlar tayyorlash sifatini ilgʻor xalqaro standartlar asosida takomillashtirish va oliy pedagogik taʼlim bilan qamrov darajasini oshirish borasida qator ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirildi.

2021-yil 13-oktyabr kuni Toshkent davlat pedagogika universitetida 2021-yilda ilmiy-innovatsion ishlarning samaradorligini tahlil qilishga qaratilgan  tadbir tashkil etildi.

Tadbir avvalida universitet rektori Alisher Umarov Toshkent davlat pedagogogika universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-yanvardagi PQ-4623 sonli “Pedagogik taʼlim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi 696-sonli “Ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash jarayonlarining shaffofligini taʼminlash va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari hamda “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalarning amalda bajarilishi yuzasidan maʼruza qildi. 

Tadbirda universitetning 30dan ortiq hamkor tashkilotlari vakillari va universitet professor-oʻqituvchilari,  ilmiy izlanuvchilar, magistrantlar ishtirok etdilar.

Tadbirda 2021-yil davomida 4 nafari fan doktori (DSc), 42 nafari falsafa doktori (PhD)  ilmiy daraja diplomi bilan taqdirlandilar. Shuningdek, universitet va respublika taʼlim muassasalari uchun oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlagan 12 nafar ilmiy rahbarlarga faxriy yorliqlar topshirildi.