TDPU rektori, prezidentlik saylov jarayonlari haqida

Bugun bo’lib o’tgan prezidentlik saylovlari ham mana bir necha soatlar avvalida o’z nihoyasiga yetdi. Yurtdoshlarimiz faol tarzda o’z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, o’zlari ishongan nomzodga ovoz berdilar. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida tashkil etilgan 322-saylov uchastkasida ham bugungi ovoz berish jarayonlari ko’tarinki kayfiyatda yakunlandi.  

O’zining yuksak fuqarolik pozitsiyasini ko’rsatgan, befarq bo’lmagan yurtdoshlarimiz qatori men ham o’zim tanlagan, ishongan nomzodga ovoz berdim va bu ovozim bilan jamiyatimiz, xalqimiz, kelajagimiz oldidagi burchimni ado etdim. 

Saylovlarda ovoz berish jarayonlari bilan yaqindan tanishgan bir qator xalqaro davlatlardan kelgan kuzatuvchilar jarayon shaffof, tizimli va xalqaro standartlarga mos tarzda o’tkazilganligini ta’kidlashdi. Xususan, AQSh, Pokiston, Eron, Indoneziya, Malayziya, Latviya, Rossiya, Ozarbayjon MDH va boshqa bir qator davlatlarining xalqaro kuzatuvchilar jamoasi vakillari universitetda tashkil etilgan saylov uchastkasida holat bilan yaqindan tanishdilar.  

Ularga saylovchilik tizimimiz, saylov jarayonlariga oid eng muhim yangiliklar, nomzodlar va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan so’nggi islohotlar xususida atroflicha ma’lumotlar berdik. Ta’lim dargohimizning professor-o'qituvchilari, xodimlari va talabalari saylov jarayonlarida ham saylovchi, ham o’z tashabbuslari bilan jarayon tashkilotchilari sifatida ulkan ishni ado etishdi.  

Oldinda bizni kutayotgan hayot saylov jarayonlarida o’zimiz munosib deb bilgan nomzod uchun ovoz berishimizga to’g’ri proporsionaldir. Albatta bunda har bir saylovchining ovozi alohida hal qiluvchi ahamiyatga ega va buni barchamiz chuqur his qilganimizni bugun isbotladik.  

Saylovlarda o’z burchini halol va faol tarzda ado etgan barcha yurtdoshlarimizga jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildiramiz!