RASMIY MUNOSABAT

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasiga tajovuz qilinganligiga oid xabarlar va ushbu vaziyat bo’yicha ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan ba’zi ma’lumotlarga nisbatan rasmiy munosabat

Bugun, o’zbek segmentida shov-shuvlarga, xolis va noxolis ma’lumotlarga asoslangan, Nizomiy nomidagi TDPU talabasiga dekan o’rinbosari tomonidan tajovuz qilinganligi gumon qilinayotgan axborotlar tarqaldi.

Universitet rahbariyati ushbu vaziyat va ayrim OAVlar tomonidan tarqatilayotgan noxolis, noqonuniy ma’lumotlar bo’yicha quyidagilarni ma’lum qiladi:

- Voqea 18-oktyabr kuni soat 16:00lar atrofida sodir bo’lgan. Universitet rahbariyati ushbu voqeadan shu kunning o’zida xabar topib, talaba qiz va uning onasining arizasi asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu arizani 16:45lar atrofida rasmiy ravishda o’z qaydnomasida qayd etgan.

- Jabrlanuvchi ekanligi gumon qilinayotgan talaba qizga voqea sodir bo’lgan kunning o’zida va hozirga qadar universitet rahbariyati tomonidan moddiy-ma’naviy yordam berilmoqda. Dori-darmonlar, oziq-ovqat va boshqa kerakli barcha vositalar universitet tomonidan ta’minlash ishlari davomli yo’lga qo’yilgan. Jabrlanuvchi ekanligi gumon qilinayotgan talaba qizga o’qishini bitirgunga qadar shartnoma puli to’lab berilishi belgilandi.

- Universitet rahbariyati ushbu voqeadan xabar topishi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Ularning dastlabki tergov xulosalari, natijalari e’lon qilinmagunga qadar voqea yuzasidan noxolis xabar tarqatish mumkin emas. Bu yerda talaba qizning or-nomusi, sha’ni turgan edi. Uning ruxsati va ko’rsatmasisiz universitet u bilan bog’liq salbiy holatni barchaga ayon qilib, uni noqulay ahvolga solib qo’yishni istamadi. 

TDPU inson qadr qimmati, sha’ni va nomusi, huquqlari buzilayotganini keskin qoralaydi va bunday holatlarga qarshi kurashadi.

Shu o’rinda jurnalist, bloger va barcha jamoatchilik vakillariga murojaat qilamizki, ma’lum material yoki xabarni chiqarishdan oldin uning inson, jamoa hayotiga ta’siri va qonunlarimizga mos kelish kelmasligini chuqur o’rganganingiz maqsadga muvofiq. 

Tezkorlik, shov-shuvlar sabab xato yoki noxolis, o’rganilmagan axborotlar tarqatish orqali minglab, millionlab yurtdoshlarimizni ma’lum voqea-hodisa yuzasidan noto’g’ri xulosa va hukm chiqarishlariga sababchi bo’lib qolishingizni unutmang. 

Biz, siz bilan ushbu voqea tafsilotlari yuzasidan hamkorlikka tayyormiz!