Pedagogika universitetining yangi rektori TTJ narxini arzonlashtirdi

Bugun Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining yangi rektori Abdugʻaffor Qirgʻizboyev barcha fakultetlardagi oʻquv, ilmiy va maʼnaviy faoliyat bilan tanishdi. Maʼlumki, universitetda 13 ta fakultet mavjud boʻlib, ular poytaxtimizning Chilonzor, Yakkasaroy, Uchtepa, Mirobod tumanlari hamda Toshkent viloyatining Kengsoy hududida joylashgan.

Tanishuv jarayonida rektor tomonidan universitetning dekanlari, kafedra mudirlari va professor-oʻqituvchilari bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi. Muloqot davomida universitetda oʻquv jarayonlari, taʼlim sifati va ilmiy, maʼnaviy ishlarning samaradorligi boʻyicha takliflar berildi. Oʻquv xonalarida moddiy texnik bazani yaxshilash, fakultetlarda mazmun jihatdan kerakli oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash masalalari boʻyicha takliflar berildi.

Shuningdek, rektor talabalar turar joylarida istiqomat qilayotgan yoshlar bilan ham uchrashdi. Uchrashuv jarayonida TTJlarda talabalarga yanada yengillik yaratish maqsadadida ularning oylik toʻlovlari arzonlashtirildi. Toshkent viloyati Kengsoy hududida joylashgan TTJ talabalari uchun esa toʻlovlar bekor qilindi. Ushbu yangilik TTJda istiqomat qilayotgan talabalarga quvonch bagʻishladi. Yoʻnalishlar boʻyicha muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etiladigan boʻldi.