
Joriy 2021/2022-o’quv yilida TDPUning kunduzgi ta’lim shaklini bitirayotgan 2325 nafar bitiruvchilardan 577 nafari bitiruv malakaviy ishi himoyasi, 1748 nafari umumkasbiy va ixtisoslik fanlaridan yakuniy davlat attestatsiyasi topshirishi belgilangan. Universitet bo'yicha umumkasbiy va ixtisoslik fanlaridan yakuniy davlat attestatsiyasi tasdiqlangan jadval asosida 2022-yilning 13-18 iyun kunlari markazlashgan holatda universitet sport zalida kompyuterlarda test shaklida o’tkazilishi, jarayonda inson omilini kamaytirish, alohida server orqali faqat ruxsat berilgan kompyuterlardagi tarmoq orqali o’tkazilishi belgilangan. Bugun, 13-iyun kuni Maxsus pedagogika va inklyuziv ta’lim fakulteti talabalari umumkasbiy va ixtisoslik fanlaridan yakuniy davlat attestatsiyasi topshirishni boshlab berdilar. Jarayon yakuniy davlat attestatsiyasida belgilangan talablar asosida uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Ushbu jarayonning adolatli, xolis va shaffof o’tkazilishi oʻquv ishlari boʻyicha prorektor X.Qodirov, oʻquv-uslubiy boshqarma, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring bo’limi, ta’lim sifatini nazorat qilish bo’limi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yakuniy davlat attestatsiyasi https://live.tdpu.uz/ manzili orqali to’g’ridan-to’g’ri ijtimoiy tarmoq sahifalarida namoyish qilinmoqda.