2 iyul – O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi qabul qilingan kun

Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgilardir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992 yil 2 iyulda bo‘lib o‘tgan X sessiyasida "O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan. Bosh Qomusimizning 5-moddasida ham “O‘zbekiston Respublikasi Qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega”, deya ramzlarimizning huquqiy asoslari mustahkamlab qo‘yilgan. Davlatimiz gerbida humo qushi va daryolar – kumush rangda, quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va “O‘zbekiston” yozuvi – oltin rangda, g‘o‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy – yashil rangda, chanoqlardagi paxta – oq rangda tasvirlangan. Bugun davlat gerbi tasviri barcha davlat tashkilotlari binolari peshtoqiga o‘rnatilgan. Shuningdek, gerb tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘ozlar va fuqarolik pasportidan joy olgan.