Ochiq ma`ruzalarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom

Oliy ta’lim muassasalarida ochiq ma’ruzalarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida

Nizom

 

  1. I.                  Umumiy qoidalar

  1.1.         Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida” va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi to‘g‘risida”gi  qonunlariga muvofiq ishlab chiqilgan va unda oliy ta’lim muassasalarida ochiq leksiyalarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi belgilangan.   1.2.         Muayyan fan bo‘yicha o‘quv dasturdagi mavzuni talabalar, shuningdek shu mavzuga qiziqish bildirgan va maxsus taklif etilgan professor-o‘qituvchilar, olim va mutaxassislar auditoriyasida leksiya shaklida o‘tkaziladigan darslar ochiq leksiyalar, deb ataladi.   1.3.         Ochiq leksiyalarni o‘tkazishdan maqsad, professor-o‘qituvchilarni tegishli fan, texnika va texnologiyalar sohalari bo‘yicha jahonda erishilgan yutuq va yangiliklar bilan xabardor bo‘lishlariga erishish va ular asosida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalardan samarali foydalangan holda leksiyalarni tayyorlash, o‘tkazish va shu tariqa ta’lim sifatini oshirish hamda tayyorlanayotgan kadrlarning raqobatbardoshligini ta’minlash.   1.4.         Ochiq leksiyalarni o‘tkazish vazifalariga quyidagilar kiradi:   -         talabalarga fandan so‘nggi yutuq va yangiliklarni yetkazish;   -         ta’lim sifatini boshqarishda fan, ishlab chiqarish va jamoatchilik ishtirokini ta’minlash;   -         ilmiy-uslubiy jihatdan yetuk leksiyalarni targ‘ibot etish;   -         yosh va bo‘lajak pedagog kadrlarni kasb mahoratini oshirish;   -         ilmiy-unvonlarga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilarni, o‘z kasbiy mahoratini oshirish ustida muntazam ishlashlarini ta’minlash va ularda o‘quv jarayonidagi mas’uliyatni oshirish;   -         yuqori saviyadagi leksiya mualliflarini rag‘batlantirish va taqdirlash;   1.5.         Ochiq leksiyalar, odatda, o‘z sohasi bo‘yicha taniqli yoki ilmiy maktab yaratgan, daraja va unvonlarga ega bo‘lgan tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda o‘tkaziladi.   1.6.         Oliy ta’lim muassasalarida  professor va dotsent ilmiy unvonlariga o‘rnatilgan tartibda da’vogarlik qilayotgan pedagog kadrlar uchun ochiq leksiyalarni o‘tkazish majburiy hisoblanadi.   1.7.         Ochiq leksiyalarni o‘tkazish oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining malaka oshirish shakllariga kiradi.  

  1. II.               Ochiq leksiyalarni tashkil etish tartibi

 

2.1.         Oliy ta’lim muassasalarida ochiq leksiyalar o‘quv rejadagi barcha fanlardan o‘tkazilishi mumkin. Umumkasbiy va ixtisoslik fanlaridan o‘tkaziladigan ochiq leksiyalarga alohida e’tibor berish tavsiya etiladi.   2.2.         Ochiq leksiyalarni o‘tkazish to‘g‘risidagi taklif professor, dotsent yoki ayrim hollarda katta o‘qituvchi lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar, shuningdek, professor va dotsent ilmiy unvonlariga da’vogarlik qilayotgan pedagog kadrlar tomonidan o‘quv semestri boshlanishiga qadar kafedra mudiriga ma’lum qilinadi. Taklifda o‘quv semestri mobaynida o‘quv rejadagi muayyan fan, mavzu, talabalar kursi va akademik guruhlari, shuningdek, darslar jadvaliga muvofiq ochiq leksiya o‘tkaziladigan kun, joy va vaqt ko‘rsatiladi.   2.3.         Kafedra mudiri, ochiq leksiyaga taklif etilishi mumkin bo‘lgan tajribali pedagoglar yetakchi olim va yuqori malakali mutaxassislar (tashqi ekspertlar) ro‘yxatini tuzadi hamda belgilangan jadval shaklida ochiq leksiyaga oid zarur ma’lumotlarni oliy ta’lim muassasasi o‘quv ishlari bo‘yicha prorektoriga topshiradi.   2.4.         Ochiq leksiyalarni o‘tkazish to‘g‘risidagi kafedralar takliflari, oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha umumlashtirilib, rektor tomonidan tasdiqlanadi va o‘quv semestri boshida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ma’lumot uchun taqdim etiladi.   2.5.         Ochiq leksiyaning matni (yoki uning qisqa mazmuni - tezislari), avvaldan o‘rnatilgan tartibda barcha talaba va taklif etilganlar (ekspertlar)ga tarqatilgan  bo‘lishi shart. 2.6.         Ochiq leksiya, odatda, ikki akademik soatga mo‘ljallanadi. Lektor, savol va javoblar uchun, kamida 5 daqiqa vaqt zahirasiga ega bo‘lishi tavsiya qilinadi. 2.7.         Leksiya mavzusi, uslubi, texnik vositalari lektor tomonidan ixtiyoriy tanlanadi.

  1. III.           Ochiq leksiyalarni e’lon qilish

  3.1.         Ochiq leksiya o‘tkazilishi haqidagi axborot, oliy ta’lim muassasasida mavjud bo‘lgan ommaviy axborot vositalari orqali bir hafta oldin e’lon qilinadi. E’londa ochiq leksiya mavzusi, lektorning familiyasi, ismi-sharifi, ilmiy darajasi va unvoni hamda leksiyani  o‘tkazish kuni, joyi va vaqti ko‘rsatiladi.   3.2.         Ochiq leksiyaga boshqa oliy ta’lim  muassasalaridagi turdosh kafedralarning tajribali professor-o‘qituvchilari, ishlab chiqarishning tegishli sohalarida faoliyat yuritayotgan ilg‘or korxonalar, ayniqsa, qo‘shma korxonalarning yuqori malakali mutaxassislari, ilmiy – tadqiqot muassasalarining yetakchi olimlari hamda mutasaddi davlat organlari – Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalar markazi, Oliy attestatsiya komissiyasi, Davlat test markazi tarkibidagi Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalari  attestatsiyasi boshqarmasining vakillari, leksiya o‘tkazilishidan ikki hafta oldin, yozma ravishda taklif etiladilar. Ochiq leksiyaga oliy ta’lim muassasasining Vasiylik kengashi a’zolari ham, o‘rnatilgan tartibda taklif etiladi.   3.3.         Ochiq leksiyada, leksiyani tashkil etayotgan kafedraning yosh pedagoglari, magistrant va aspirantlarining qatnashishi majburiy hisoblanadi.

 

  1. IV.           Ochiq leksiyalar muhokamasini  uyushtirish.

  4.1.         Ochiq leksiyaning mazmun-mohiyati va ilmiy-uslubiy saviyasi bo‘yicha muhokamasi leksiyadan so‘ng, kafedrada davom ettiriladi. Ochiq leksiyaning muhokamasi kafedra majlislari bayonnomasida qayd etiladi.   4.2.         Ochiq leksiya haqidagi tashqi taqriz va fikr-mulohazalar, yozma ravishda oliy ta’lim muassasasi  rektoriga yuboriladi va matbuot orqali e’lon qilinishi mumkin.   4.3.         Ochiq leksiyani baholashda Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalar markazi, Oliy attestatsiya komissiyasi, ilg‘or texnologiyalar joriy etilgan yirik korxonalar, Davlat test markazi tarkibidagi Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasi mutaxasssislarining taqrizlari asosiy hisoblanadi.   4.4.         Ochiq leksiyalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan kafedra majlisi qarorlarining nusxalari taxlil uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etiladi.

 

  1. V.               Ochiq leksiyalar mualliflarini rag‘batlantirish.

 

5.1.         Professor-o‘qituvchilarning muvaffaqiyat bilan o‘tkazgan ochiq leksiyalari, ularni o‘rnatilgan tartibda moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishda  inobatga olinadi.   5.2.         Professor-o‘qituvchilar tomonidan muvaffaqiyatli o‘tkazilgan ochiq leksiyalar, ularni reytingini aniqlash, malaka oshirish kurslariga jalb etish va attestatsiyadan o‘tkazishda inobatga olinadi.      

  Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2004 yil 26 martdagi 79-son buyrug‘iga 2-ilova  

     

Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetida

 ochiq leksiyalarni o‘tkazish

                                                                 J A D V A L I  

Kafedra nomi

Leksiya mavzusi

Leksiya muallifi, ilmiy daraja va unvoni

Taklif etilgan tashqi ekspertlar, lavozimi, ish joyi

Leksiya o‘tadigan akademik guruh, kun, joy va vaqt

1

2

3

4

5

6