“Til - millat ko‘zgusi” mavzusida tadbir bo'lib o'tdi

Joriy yilning 20 oktyabr kuni Universitet anjumanlar zalida “Til - millat ko‘zgusi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda O‘zbek tilshunosligiga doir kitoblar ko‘rgazmasi o‘tkazildi

Til millat ma’naviy kamoloti, jamiyat madaniy taraqqiyotining muxim belgisidir. Chunki til millat qiyofasining bir bo‘lagi. Shu sababli mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan bir davrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Yurtimizning barcha ta’lim muassasalarida va tashkilotlarida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Nizomiy nomidagi TDPUning barcha fakultetlarida til bayramlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. Joriy yilning 20 oktyabr kuni Universitet anjumanlar zalida “Til - millat ko‘zgusi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda O‘zbek tilshunosligiga doir kitoblar ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Tadbirga yozuvchilar uyushmasi a’zosi shoir Doniyor Mirzo, Tinch okeani resurslarini rivojlantirish markazi mutaxassis konsultanti Luk Teylor Karter va universitetimiz darg‘alari prof.S.Ashirboev va Q.Qahramonovlar tashrif buyurdilar. Tadbirni universitetimiz rektori Sh.S.Sharipov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Talaba va mehmonlardan tashqari horijiy mexmonlarning ham ishtiroki e’tiborga sazovor bo‘ldi. Amerikalik Luk Teylor Karterning o‘zbek tilidagi chiqishi, okean orti davlatlaridagi yoshlarning bizning ona tilimiz, madaniyatimiz va urf-odatlariimizni sevib o‘rganayotgani bizni quvontiradi. Darhaqiqat, o‘zbek tili ham dunyodagi 200 ga yaqin davlat tili maqomi berilgan tillar qatorida ekanligi albatta bizni mag‘rurlantiradi. Til har bir millatning ulkan boyligi, benazir qadriyati va bebaho mulki hisoblanadi. Tadbirda biologiya yo‘nalishi 101-guruh talabasi Komilova Roziya ”Kechir meni ona tilim” hamda musiqa ta’limi yo‘nalishi 101-guruh talabasi David Avetisyan o‘zi yozgan til haqidagi go‘zal she’rlari bilan ishtirok etdilar. Inson go‘zalligi, ma’naviyati, buyuk merosi hatto olam barqarorligining asosi ham tildir. Shu sabab, onadek aziz o‘z ona tilimizni asrab avaylash, e’zozlash barchamizning muqaddas burchimiz hisoblanadi. Zero, nutqning go‘zalligi, tilning burroligi, ifodaning aniqligi inson uchun o‘ziga xos husn ekanligini shoir Doniyor Mirzo va universitetimiz darg‘alarining ona tilimiz haqidagi fikrlarida, she’rlarida aks ettirildi. Har bir xalq har bir elat, o‘zi hurmat va ehtirom qiladigan tilga ega. Tabiiyki, o‘zbek tilida ijro etilgan nodir asarlar xalqimizning ma’naviy boyligidir. O‘zbek tilida ijro etilgan ana shunday nodir asarni musiqa ta’limi yo‘nalishi 301-guruh talabasi Isabekova Zilola o‘z honishlarida namoyish etdi. Zamonasining eng mashhur til vakillari bo‘lmish Navoiy, Pushkin, Shiller, Bayron, Balzak, Tagor kabi darg‘alarning til haqidagi hikmatli so‘zlari va ular qiyofasidagi badiiy chiqishlarida talabalarning tilga bo‘lgan e’tiborini anglash mumkin. Notiq dedi: Taqdir shul, Bu jahoniy iroda. Tillar yo‘qolur butkul, Bir til qolur dunyoda. Ey, voiz pastga tush, Bu gap chiqdi qaerdan? Navoiy bilan Pushkin turib keldi qabrdan. Kim darg‘azab, kim xayron, Chiqib keldilar qator, Navoiy, Pushkin, Shiller va Bayron, Balzak, Tagor. Va’zingni qo‘y birodar, Sen aytganing bo‘lmaydi. Barcha dedi barobar: “Ona tilim o‘lmaydi”. Tadbir yakunida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor O.Qo‘ysinov so‘zga chiqib, tillar va nutq madaniyati kafedrasi jamoasiga minnatdorchilik bildirdi va shu kabi tadbirlarning tez-tez o‘tkazilib turilishi universitet talabalari ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi