Bog`lanish
Tel: 71-276-01-44
Tel: 90-037-07-89
Телеграм бот: @antikorTdpuUzBot
Korrupsiyaga qarshi kurashish "Komplayens nazorat" tizimini boshqarish bo`limi boshlig`i - Quvvatov Norqozoq Burxanovich
Korrupsiyaga qarshi kurashish "Komplayens nazorat" tizimini boshqarish bo`limi bosh mutaxassisi - Matanov Faxriddin Karimovich
KORRUPSIYA: UNING TARIXIY ILDIZLARI, KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH USULLARI
Korrupsiya bu — jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, ushbu zararli hodisa katta va kichik, badavlat va kambag‘al bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Ushbu zararli illatni bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, hanuzgacha u bartaraf etilmayapti.
Korrupsiya (lot. Corrumpere — buzmoq) termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab qonunchilik va ahloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.
Ko‘p hollarda bu atama siyosiy elitadagi byurokratik apparatga qarata ishlatiladi. Korrupsiya ko‘plab davlatlarning jinoyat va ma’muriy qonunchiligi bilan huquqqa qarshi harakat sifatida ta’qib qilinadi.
Korrupsiyaning tarixiy o‘zaklari juda qadimga borib taqalib, bu hol qabilada ma’lum mavqega ega bo‘lish uchun qabila sardorlariga sovg‘alar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. O‘sha davrlarda bu normal holat sifatida qabul qilingan. Biroq davlat apparatining murakkablashuvi va markaziylashuvi korrupsiyaning davlat rivojlanishiga katta to‘siq ekanligini ko‘rsatdi. Korrupsiyaga qarshi kurashgan birinchi davlat sifatida qadimgi Shumer davlati tan olinadi. Qadimgi davlatlarni ayniqsa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo‘rligi qattiq tashvishga solganligi bizgacha saqlanib qolgan manbalardan ma’lum. Chunki bu holat davlatning obro‘siga juda qattiq putur yetkazardi. Dunyoning yetakchi dinlarida ham birinchi navbatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo‘rligi qattiq qoralanadi. Jumaladan, Injilda “Sovg‘alarni qabul qilma, chunki sovg‘a ko‘rni ko‘radigan qiladi va haqiqatni o‘zgartiradi” deyilgan bo‘lsa, Qu’roni Karimda “Boshqalarning mulkini nohaq yo‘l bilan olmangiz va boshqalarga tegishli bo‘lgan narsalarni olish uchun o‘z mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar” deyilgan.
XVIII asrning ikkinchi yarmiga kelib jamiyat davlat boshqaruv apparatining ish sifatiga toboro ko‘proq ta’sir ko‘rsata boshladi. Bu o‘sha davrda qabul qilingan bir qator qonun hujjatlarida o‘z aksini topgan. Jumladan, 1787-yilda qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasida pora olish AQSh prezidentini impechmentga tortish mumkin bo‘lgan ikki jinoyatning biri sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Siyosiy partiyalarning vujudga kelishi va ularning mamlakat hayotidagi o‘rnining oshib borishi XIX-XX asrlarda rivojlangan davlatlarda korrupsiyaning dunyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan ancha kamayishiga olib keldi.
Ushbu illatni tadqiq qilgan bir qator yirik mutaxassislar quyidagi faktorlarni korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillar sifatida ko‘rsatadi.
Ikki xil ma’noni anglatuvchi qonunlar — ushbu vaziyat huquqni qo‘llovchi mansabdor shaxs tomonidan qonunlarni turlicha qo‘llash imkonini yaratadi. Shuningdek, ayrim mutaxassislar jinoyat, ma’muriy qonunchilikdagi “vilka” sanksiyalarni ham korrupsiyaga qulay sharoit yaratishi mumkinligi haqida fikr yuritishgan. Ya’ni, sanksiyaning aniq miqdori yo‘qligi sudyada uni o‘z hohishiga qarab qo‘llashga sharoit yaratib beradi.
Aholi huquqiy savodxonligining pastligi — aholi tomonidan qonunlarni bilmaslik yoki tushunmaslik mansabdor shaxsga o‘zining shaxsiy manfaati yo‘lida qonunlardan foydanishga qulay sharoit yaratadi.
Mamlakatdagi siyosiy vaziyatning notinchligi — mamlakatdagi notinchlik birinchi navbatda aholi ongida hayotda yuksak turmush darajasiga erishishning asosiy usuli qonunga xilof faoliyat bilan bog‘liq, degan mutlaqo axloqqa zid nuqtai nazar shakllanishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida korrupsiyaga qulay sharoit yaratadi.
Ijro hokimiyatining birligi tamoyilinining buzilishi — aynan bitta faoliyatning turli instansiyalar tomonidan tartibga solinishi:
aholining davlatni nazorat qilishdagi sust ishtiroki;
davlat sektoridagi xizmat qilayotgan xizmatchilar daromadlarining xususiy sektorda topish mumkin bo‘lgan daromadlardan kamligi;
iqtisodiyotning davlat tomonidan tartibga solinishi;
inflyasiyaning yuqori darajasi;
mamlakat yuqori boshqaruv organlarining aholidan uzilib qolganligi;
mamlakatdagi diniy va axloq qoidalari.
Jahon mamlakatlarida korrupsiyaga qarshi kurashning quyidagi usullari mavjud.
Ichki nazorat —bu usul boshqaruv apparatining o‘zida nazoratni kuchaytiruvchi tuzilmalar (har xil ichki inspeksiyalar va boshqa nazorat organlari tuzish orqali) yaratishni taqazo etadi. Bu tuzilmaning asosiy vazifasi xodimlarning ichki etiket qoidalariga rioya qilishini nazorat qilishdir. Hozirgi kunda bizning yurtimizda ham bir qator huquqni muhofaza qilish organlarida aynan shu vazifani bajaruvchi ichki tuzilmalar yaratilgan.
Tashqi nazorat — bu usulda ijro apparatidan mustaqil tuzilmalarning mustaqilligini oshirish nazarda tutilib, aynan ushbu tuzilmalar orqali korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib boriladi. Ya’ni, sud hokimiyatining maksimal darajada mustaqilligiga erishish ommaviy axborot vositalariga ko‘proq erkinlik berish va h.k.
Korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishgan Shvetsiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi davlatlarning tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim o‘rin egallaydi.
Bunda Konstitutsiyaviy nazorat organlari, huquq-tartibot organlarining ahamiyati ortadi. Ya’ni, korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan normalarni konstitutsiyaviy nazorat organi tomonidan konstitutsiyaga zid deb topish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish kabi metodlardan unumli foydalanish ushbu davlatlarni korrupsiya darajasi juda past bo‘lgan davlatlar qatoriga olib chiqqan.
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni!
“Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo`lmas ekan, ta`sirchan jamoatchilik nazoratini o`rnatmas ekan,bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz. Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak. Shuning uchun har bir davlat idorasida jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha o`z ichki dasturlari bo`lishi shart”.
Shavkat Mirziyoyev
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
2004 yildan e`tiboran 9 dekabr – xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni deb nishonlanadi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e`lon qilingan (2003 yil 21 noyabr, № A/RES/58/4-sonli rezolyusiya). Xuddi shu kunda Meksikada imzolash uchun BMT korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi ochildi. Bosh Assambleya rezolyusiyasida aytilishicha, ushbu xalqaro kunni belgilashdan maqsad, korrupsiya muammosini tubdan tushunish va Konvensiyaning korrupsiya bilan kurashish va uni oldini olish borasidagi ahamiyatidir. Rezolyusiyada ushbu kunni keng nishonlash, ma`lum tadbirlarni o`tkazishga da`vat qilish holatlari deyarli yo`q.
Dunyoning rivojlanishi hamda tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash maqsadida korru siyaga qarshi kurashda birlashmog‘imiz lozim!
Korrupsiya – bu har bir jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishini izdan chiqaruvchi eng xavfli jinoyatdir.
Hech qaysi mamlakat, biron-bir hudud yoki jamiyat yo‘qki u korrupsiyaga qarshi immunitetga ega bo‘lsa.
Birlashgan millatlar tashkilotida barcha davlatlar hamkorlikda, ta'lim, tibbiyot, sud-huquq, demokratiyaning rivojlanishiga korrupsiyaning kirib borishiga asosiy e'tiborini qaratuvchi tadbir ishlab chiqilgan. Xalqaro tadbir o‘zining e'tiborini korrupsiyaning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda eng katta to‘siq bo‘lishga qaratadi.
Xalqaro kunlar keng jamoatchilikni muammolardan xabardor qilib borish, global muammolarni hal qilish maqsadida siyosiy kuch va vositalarni safarbar qilish, shuningdek insoniyat yutuqlarini namoyish qilish hamda ularni ulug‘lash uchun kerak.
Bosh assambleyaning rezolyusiyasida ko‘rsatilganidek ushbu xalqaro kunni tashkil etishdan maqsad korrupsiya muammosiga muhim e'tibor qaratish, shuningdek korrupsiya va unga qarshi kurashishda Konvensiyaning rolini kuchaytirishdan iboratdir. Rezolyusiyada ushbu kunni keng nishonlash va tegishli tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar yo‘q.
Korrupsiya jamiyat, davlat hokimiyati organlarining manfaatlariga qarshi qaratilgan noqonuniy faoliyatning maxsus ko‘rinishi ekanligini tushunish muhimdir; u mansabdor shaxs va fuqaroning o‘zaro kelishuvga erishib til biriktirishidir. Undan olinadigan moddiy va nomoddiy imtiyozlar noqonuniy bo‘lib, ularning atrofida ahloqsiz ijtimoiy muhit yuzaga keladi.
Korrupsiyaning shakllari turlicha, ammo korrupsiya oqibatlari har qanday mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga, mamlakat aholisiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
Shu sababli bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashda jamiyatda korrupsiyaga qarshi huquqiy ongni shakllantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda, ya'ni korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi insonning o‘zida ichki rad etishni shakllantirmoq kerak.
Bugungi kunda har bir fuqaroda: “poraxo‘r mansabdor shaxs bo‘lish nafaqat xavfli balki sharmandali hamdir, ammo halol yashash foydali va obro‘lidir”degan ichki ishonchni shakllantirish korrupsiyaga qarshi davlat siyosatining asosiy vazifasi hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi №PF-5729-sonli “O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni bilan 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi tasdiqlangan. Ushbu Farmon va Davlat dasturini bajarish maqsadida, Universitet tomonidan chora-tadbirlar rejasi va Universitet tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha samaradorlik indikatorlari tasdiqlangan.
Xulosa o`rnida ta`kidlab o`tish joizki, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan har bir me`yoriy xujjat ertangi O`zbekistonning hayotida korrupsiya degan illatning tamoman yo`qolishiga qo`yilayotgan katta qadamlardir.