MUNOSABAT

Ayrim ijtimoiy tarmoqlari orqali Toshkent davlat pedagogika universitetining Xorijiy tillar fakulteti talabalari tomonidan sobiq dekan oʻrinbosari A.Hakimov talabalardan TTJ to'lov pullarini olib, universitet uchun to'lov qilinmaganligi haqida murojaat qilingan. Ushbu masala yuzasidan Toshkent davlat pedagogika universiteti shuni ma'lum qiladiki, A.Hakimov 2021-yilning noyabr oyida o'z arizasiga muvofiq, ishdan bo'shagan. Shundan keyin universitetning 5-sonli talabalar turar joyida turuvchi fakultet talabalari yotoqxona to‘lovlarini A.Hakimovning bank kartasiga va naqd pul shaklida o'tkazib berganliklari, lekin yotoqxona to‘lovlari uchun universitet kassasiga hech qanday to‘lovlar amalga oshirilmaganligi yuzasidan universitetning “Korrupsiyaga qarshi kurashish” bo‘limiga ariza bilan murojaat qilishgan. Mazkur arizalar “Korrupsiyaga qarshi kurashish” bo‘limi tomonidan Toshkent shahar prokuraturasiga taqdim etilgan. Universitet TTJda istiqomat qiluvchi murojaatchi talabalarning universitetga to'lovni amalga oshirish muddati 2021-2022 o'quv yili yakuniga qadar uzaytirilganligini ma'lum qilamiz. Shu o'rinda eslatib o'tamiz, universitet talabalar turar joylarida istiqomat qiluvchi talabalar TTJ uchun to'lovlarni faqat universitet kassasi orqali amalga oshirishlari va hisob varaqa olishlari shart. Talabalar kassadan tashqari universitetning boshqa xodimlari yoki mas'ullariga TTJ va shartnoma to'lov pullarini berishlari qat'iyan man qilinadi.